18-noyabr O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabat bilan, tumanning “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘ida keksa avlod vakillari va yoshlar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Suhbat davomida, “Nuroniy” jamg‘armasi Sariosiyo tuman bo‘limi raisi, Xalq deputatlari Sariosiyo tuman Kengashi deputati S.Qosimov tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi tarixi, uning davlat siyosiy hayotidagi ahamiyati, o‘ziga xos jihatlari hamda bayrog‘imizning tavsifi haqida batafsil so‘z yuritildi.
Xususan, bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgani, milliy bayrog‘imizning davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etishi alohida ta’kidlandi.