Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan motamsaro ona haykali poyiga gullar qoʻyildi
9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 78 yilligi Sariosiyo tumanida ham keng nishonlanmoqda.
Sana munosabati bilan Sariosiyo tumanidagi "Yoshlar bogʻi"da tuman hokimi Abduqodir Donayev, sektor rahbarlari, tuman hokimining sohalar boʻyicha oʻrinbosarlari, tumandagi korxona, tashkilot, muassasa xodimlari yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbir avvalida tuman hokimligi, harbiylar, tashkilot, korxona, muassasalar tomonidan musiqa sadolari ostida motamsaro ona haykali poyiga gullar qoʻyilib hurmat bajo keltirildi. Soʻngra tuman hokimi Abduqodir Donayev soʻzga chiqib urushning dahshatli manzaralari va uning oqibatlari, askarlarimizning jasorati haqida soʻzlar ekan eng avvalo bugungi tinch va osuda yurtda yashayotganimizga shukrona keltirdi. Shuningdek fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 78 yilligi bilan barchani muborakbod etib gʻalabaga erishish yoʻlida front ortida mehnat qilgan tumanimizning 119 nafar ishtirokchilariga oʻzining minnatdorchiligini izhor qildi.