O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarini nafaqat qo‘shnichilik aloqalari, balki o‘xshash madaniyat, urf-odat va an’analar bir-biriga mustahkam bog‘lab turadi. Shu boisdan bayramlarimiz, to‘y-tomoshalarimiz ikki qo‘shni davlat mehmonlarisiz o‘tmaydi.
Joriy yilning 20, 22, 24-mart kunlari Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev boshchiligida Jarqo‘rg‘on, Denov, Sariosiyo va Uzun tumani hokimlari ishtirokidagi delegatsiyamiz a’zolari Tojikistonning Xatlon viloyati hamda Hisor, Shahrinav, Shahrituz, Boxtar shaharlarida o‘tkazilgan “Navro‘z” bayrami tantanalarida ishtirok etishdi.
Delegatsiyamiz a’zolarini Xatlon viloyati raisi Davlataliy Said kutib oldi. Tashrif davomida qo‘shni mamlakatning tarixiy va diqqatga sazovor joylari, muzeylari bilan ham tanishildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 19-mart kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan viloyatning asosiy bayram sayllarida Tojikiston delegatsiyasi ham ishtirok etishgan edi.