Sariosiyo tumani hokimligi-Shavkat Mirziyoyev ShHTning bloklarga qo‘shilmaslik maqomini saqlash zarurligini ta’kidladi
...
17.09.2022
200 marta o'qildi

16 sentabr kuni Samarqandda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Shanhay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari tor doiradagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda Hindiston bosh vaziri Narendra Modi, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Xitoy raisi Si Jinping, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Shanhay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min va ShHT mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev ishtirok etdi.

 
 

Samarqand sammitida imzolash uchun salmoqli hujjatlar to‘plami – 40 dan ziyod bitim va qarorlar taqdim etildi. Ularda ShHT davlatlari o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, savdo kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga doir umumiy yondashuvlari aks etgan.

O‘zbekiston prezidenti ShHTning bloklarga qo‘shilmaslik maqomini, ochiqlik va keng hamkorlikka qaratilgan ruhini saqlash, murosa, teng huquqlilik va o‘zaro hurmat prinsiplariga amal qilish zarurligini alohida ta’kidladi.

 

Shularni hisobga olib hamda ShHT doirasidagi ko‘p qirrali sheriklik samarali tajribasiga tayanib, davlat rahbari yaqin yillarda hamkorlik asosiy yo‘nalishlaridagi ustuvor vazifalarni hal etishga doir taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

ShHT faoliyatini bugungi voqelikka moslashtirish, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohalarida hamkorlik qilish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, ekologiya masalalari, madaniy-gumanitar aloqalarga to‘xtalib o‘tildi. Xavfsizlik muammolari va Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solishga alohida e’tibor qaratildi.

So‘zi yakunida prezident ShHT kelajagi va mamlakatlar rivoji ko‘p jihatdan bahamjihat va samarali ishlashga bog‘liq ekanini ta’kidladi. «Biz birgalikda mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlash maqsadida, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida tashkilotni yangi marralarga olib chiqishga qodirmiz», – deya ishonch bildirdi Shavkat Mirziyoyev.

A’zo davlatlar yetakchilari o‘z chiqishlarida ShHT doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish dolzarb masalalariga, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik muammolariga to‘xtalib o‘tdi.



1 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?