Surxondaryo viloyati prokurori B.Babadjanov boshchiligida Sariosiyo tumanida ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar joyiga chiqqan holda o‘rganildi
Xususan, mas’ullar tumanda yiliga 48 ming kv. metr eshik va deraza romlari ishlab chiqarish quvvatiga ega “Surkhandarya Window And Door Factory” MChJga borib, ishlab chiqarish jarayoni hamda tayyor mahsulotlar turlari bilan tanishdi.
So‘ngra, viloyat prokurori tumanning “Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari hamda ta’lim muassasalarining qish mavsumiga tayyorgarligini o‘rgandi.
O‘rganish davomida, qurilish ishlarini sifatli olib borish, joriy yilda foydalanishga topshirilishi belgilangan turar joylar va ijtimoiy soha obyektlari qurilishini muddatida yakunlash hamda ta’lim muassasalarini qish mavsumiga shay holatga keltirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, viloyat prokurori tomonidan tumandagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirokida Uzun va Sariosiyo tumanlari aholisi uchun fuqarolarni sayyor qabuli o‘tkazildi.
Sayyor qabulda jami 27 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari turli muammoli masalalari yuzasidan o‘z murojaatlari bilan ishtirok etishdi.
Qayd etilgan murojaatlarning 8 tasi joyida ijobiy hal qilinib, qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab etadigan murojaatlar alohida nazoratga olinib, ijroga qaratildi.