O I L A – muqaddas dargoh
Hozirgi zamon taraqqiyoti har bir shaxsdan jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarida faol bo‘lishni taqozo etmoqda. Ma’lumki, shaxsning ijtimoiy, emosional, xulqiy va boshqa sifatlari, insoniy fazilatlari oilada shakllanadi. Azaldan muqaddas dargoh sanalgan oilaga va kelajak avlodga e’tibor berish xalqimizning milliy qadriyatlaridan biri bo‘lib kelgan. Ajdodlarimiz qadimdan mustahkam oila qurish, nasl sog‘lomligi, bolalarni adolatli sharoitlarda komil inson qilib tarbiyalash orzusi bilan yashab, doimo shunga intilgan. Oila yuksak insoniy qadriyatlarni, qarindosh-urug‘, er-xotin, ota-ona va farzandlar munosabatidagi eng yaxshi an’analarni o‘zida mujassam etgani uchun ham e’zozlanadi. O‘zbek oilasi aynan mana shunday ma’naviy qadriyatlar asosiga qurilgani uchun ham dunyo xalqlarini hayratga solib kelayotir. Oila bilan bog‘liq an’analarimiz bizning bebaho boyligimiz hisoblanadi. Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida o‘ziga xos ijtimoiy qvzifani bajaradi. Respublikamizda oilaga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Albatta, oilaning huquqiy asosini qonuniy nikoh tashkil etadi.
O‘zbek xalqi tomonidan asrlar davomida asrab kelinayotgan qadriyatlardan biri – nikoh qurishdan asosiy maqsad bir-birini tushunib, yelkadosh, suyanchiq bo‘lib yashash va komil, iymon e’tiqodi butun, barkamol farzandlarni dunyoga keltirish hamda kelajakda ularning rohat-farog‘atini ko‘rishdir. Demak, oila – insoniy munosabatlar mujassam bo‘lgan muqaddas dargohdir. Oila insonning jon-taniga, taqdir mezonlariga chambarchas bog‘liq xilqatdir. Sog‘lom fikrlovchi har bir odam yoshi, millati, irqi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, oilasining mustahkamligi va farovonligini o‘ylaydi, o‘z baxtini oila a’zolarining baxti bilan bir deb tasavvur qiladi. 1998 yil Oila yili deya atalib, maxsus dastur doirasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Shulardan biri “Oila” ilmiy-amaliy markazining tashkil etilganligidir.
O‘zbekistonda istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab olib borilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatdan ko‘zlangan maqsad ham oilani, ona va bolani, keksalar va nogironlarni ijtimoiy muhofaza qilish, jamoatchilin ko‘magida bu boradagi qonunlarga rioya etilishiga erishishdir. Ayniqsa, yosh oilalarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarimiz ko‘plab davlat va jamoat arboblari tomonidan e’tirof etib kelinmoqda.
Oiladagi shaxslar o‘rtasidagi muomalalar, ya’ni qaynona va kelin, katta va kichik yoshdagilar, ota va bola, ota-ona o‘rtasidagi munosabatlar va muomalalar alohida o‘rin egallaydi. Qaynonalar orzu-havasi hammaga ayon, shu bilan birga o‘z o‘rnida kelinniki ham.Quda-andalar ham bir xil orzu-niyat bilan bilan yangi oilaga fotiha berishadi, ba’zan esa arzimagan noxushliklar sabab ayrim oilalarda qaynona bilan kelin, uning oqibatida esa qudalar o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘ladi.
Sariosiyo tuman FXDE
bulimii mudiri U. Boqiyeva