Sariosiyo tumani hokimligi-Odam savdosi-kechirib bo‘lmas jinoyat
...
24.11.2023
157 marta o'qildi

Odam savdosi-kechirib bo‘lmas jinoyat

Insonning nechog‘lik qadri baland va ulug‘ mavjudot ekanligi ma’lum. U tabiat boyliklaridan lazzatlanishi, sog‘-salomat, kuchli va aqlli bo‘lishi uchun, o‘zini-o‘zi asrab avaylashi, himoya qilishi hamda shaxsiy huquq va erkinliklarini muhofaza qilishi lozim. Mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish sharoitida xavfsizligimizga hamda ijtimoiy-ma’naviy barqarorligimizga rahna soluvchi illatlardan biri bo‘lgan odam savdosi – bugungi kunning dolzarb muammolaridan biriga aylandi.
O‘zbekistan Respublikasi Konstitusiyasining 24-moddasida, “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir”, – deb e’tirof etilgan. Bugungi kunda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar jahon hamjamiyatida jiddiy tashvish va xavotirlarni keltirmoqda. Eng achinarlisi, bu jinoyatni sodir etuvchilarning ham, bundan jabr ko‘ruvchilarning ham muddaolari mushtarak. Ya’ni, yengil yo‘l bilan daromad topish istagida jinoyat sodir etish – ikki toifadagi odamlarni ham halokat domiga tortmoqda.
Keyingi yillarda odam savdosi tufayli yuzaga kelayotgan global xavf qanchalik ortib borayotgan bo‘lsa, dunyoning qator mamlakatlarida bu jinoyatga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lami ham shunchalik kengaymoqda. Oradan yillar o‘tgan sari odam savdosiga qarshi kurash dunyoning barcha mamlakatlarida amalda bo‘lmasin, bu muammo bizni hozirgi kunda ham qattiq tashvishga solmoqda.
Ayni paytda, transmilliy uyushgan jinoyatchilikning uzviy tarkibiy qismi bo‘lgan bu jinoyat turi dunyo miqyosida keng tarqalgan. BMT va Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot mutaxassislarining tahliliy xulosalariga ko‘ra, undan jabr ko‘rganlar soni bir necha millionlarni tashkil qilmoqda.
Bugungi kunga kelib asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, ko‘p va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, ular doirasida ushbu xavfga qarshi dunyo miqyosida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
“Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanishga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiya (1949), “Qullik va qul savdosini, qullikka o‘xshash institutlar va odatlarni bekor qilish to‘g‘risida”gi qo‘shimcha Konvensiya (1956), “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida”gi Konvensiyani to‘ldiruvchi “Odamlar, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini to‘xtatish, oldini olish va uning uchun jazo to‘g‘risida”gi bayonnoma (2000) bu borada dasturiy hujjat vazifasini o‘tamoqda.
Odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2005 yili MDH doirasida “Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kuchaytirish to‘g‘risida”gi kelishuv, 2006 yilda sakkiz a’zo mamlakat doirasida “Odam savdosiga qarshi kurashning 2007–2010 yillarga mo‘ljallangan dasturi” qabul qilingan edi.
Afsuski, dunyo bo‘ylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targ‘ibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar “zamonaviy qullik”, ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki bo‘layotgan asosiy omillardan biri odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli ma’lumotga ega emasligidir. Achinarlisi, o‘zga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar mo‘may daromad ilinjida og‘ir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSH dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo bo‘yicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.

Odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka o‘xshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson a’zolari yoki to‘qimalarini ajratib olishni anglatadi.
O‘tgan asrdan yigirma birinchi asrga transmilliy tashkiliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turi “meros” bo‘lib o‘tdi. Ularning birinchisi – xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zo‘ravonlik ruhi, kuch ishlatish, ya’ni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar, ikkinchisi – narkobiznes yoki narko-traffik bilan shug‘ullanayotgan jinoiy uyushmalar, uchinchisi – odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik-yirik jinoyatchi tashkilotlarning yildan-yilga kuchayayotganidir.
Bu jinoyatlarning asosiy sababi ma’naviy qashshoqlik, ochko‘zlik, dunyoga haddan tashqari hirs qo‘yish va nafsiga qul bo‘lishdir. Bugungi kunda insonlar qul qilib sotayotgan ba’zi kimsalar insonlarni hur qilib yaratgan Alloh taolo bilan Xudolikni talashmoqda. Islom dini ko‘rsatmalarida ham insonning jonzotlar ichida eng mukarrami ekani ta’kidlanib, qullikka qarshi qat’iy choralar belgilab qo‘yilgan.
Hadislarda Alloh taolo qiyomat kuni uch kishiga rahmat nazari bilan qaramasligi va ular bilan xusumat qilishi bayon qilinmoqda. Alloh taolo kim bilan xusumat qilsa, albatta, uni yengadi. Ular ichida hur kishini sotib, uni hurlikdan mahrum qilib, qullikka solgan kishi ham bor. Bu juda katta gunohdir. Chunki bu holatda inson, odatda qilishi mumkin bo‘lgan ishlardan man etilib, xorlik holatiga tushiriladi va ko‘pincha faqat qorin to‘ydirish uchun ishlashga mahkum qilinadi. O‘tkinchi mol-dunyo uchun vatandoshlarini, qishloqdoshlarini va hatto qarindoshlarini sotishdan qaytmayotgan kishilar, yuqoridagi hadislardagi ma’nolarni bir zum tafakkur qilsalar kifoya. Zero, halol kasb qilib, boylik orttirayotgan, elga xizmat qilib, duo olayotgan mardlar ham son-sanoqsiz.
Yana bir eng tashvishli holatlardang biri, chet elga noqonuniy tarzda ishga chiqayotgan shaxslarning ko‘pchiligi yuqorida ta’kidlangan yigirma birinchi asrning transmilliy tashkiliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turidan biri – xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zo‘ravonlik ruhi, kuch ishlatish, ya’ni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar vakillarining tuzog‘iga tushib qolmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar natijasida fuqarolarimizning turmush sharoiti uzluksiz yuksalib bormoqda, huquq hamda erkinliklari to‘la ro‘yobga chiqarilishi uchun qulay ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy shart-sharoitlar yuzaga kelmoqda.
Bularning barchasi shaxs erki, uning hayoti, salomatligi va shaxsiy huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish, fuqarolar huquqiy muhofazasi samaradorligini oshirish, shaxs-davlat munosabatlarida shaxs manfaatlari ustuvorligi tamoyiliga og‘ishmasdan amal qilish ehtiyojini yanada kuchaytirmoqda.
Shaxs erki va qonuniy manfaatlarini ta’minlash ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarida olib borilayotgan tadbirlar orqali amalga oshirib kelinmoqda.
Bugungi kunda aholi migratsiyasi, shu jumladan, mamlakat tashqarisida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadidagi migratsiya jahon ko‘lamidagi voqelik bo‘lib, o‘zining ko‘pgina ijobiy jihatlari bilan bir qatorda salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqarmoqda.
Bu salbiy hodisa global jarayon sifatida bizning mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti. Afsuski, fuqarolarimiz ham odam savdosi qurbonlariga aylanmoqda. Bularning barchasi davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ushbu illatga qarshi qat’iy choralar ko‘rishni, odam savdosiga jalb etilgan va undan jabr ko‘rgan ham yurtlarimizni muhofaza etishni dolzarb vazifa qilib qo‘ymoqda.

Odam savdosiga qarshi kurashga qaratilgan xalqaro qonunchilikda ham, O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligida ham odam savdosi jabrdiydalari huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy reabilitatsiyasi va himoyasini ta’minlash belgilab qo‘yilgan.
Jumladan, BMTning 2000 yil 15 noyabrdagi “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiyasi 25-moddasiga ko‘ra: “Ushbu Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan har bir davlat o‘zining imkoniyatlari darajasida odam savdosidan jabr ko‘rgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish, ayniqsa, qasd olish bilan qo‘rqitishdan himoyalashga qaratilgan yordamni berish majburiyatini oladi.
Har bir ishtirokchi davlat odam savdosidan ziyon ko‘rganlarga tovon undirilishi va ular ko‘rgan boshqa shakldagi zarar o‘rnini qoplash yuzasidan kerakli tartib-qoidalarni joriy etadi”.
Xulosa qilib aytganda, odam savdosining har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish xalqaro va mintaqaviy darajada jiddiy yondashuv va o‘zaro hamkorlikka asoslansagina yaxshi samara berishi mumkin.
Zero, odam savdosi, uning insoniy huquq va erkinliklarini g‘ayriqonuniy va g‘ayri axloqiy ravishda aynan inson tomonidan kamsitilishi, yo‘qqa chiqarilishi – kechirib bo‘lmas jinoyat, og‘ir gunoh!

J.Xudoyberdiyev,
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati sudyasi



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?