Bezorilik jinoyati tushunchasi
Bezorilik jamoat tartibiga qarshi qaratilgan jinoyat bo‘lib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlar shaxsni urish-do‘pposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki o‘zganing mulkiga ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud uni ancha miqdorda nobud qilish bilan bog‘liq holda sodir etiladi. Jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimaslik deganda, qonunlarga, axloq-odob normalariga, jamiyatda mavjud bo‘lgan urf-odat va an’analarga hurmatsizlik tushuniladi.
Qonun mazmuniga ko‘ra, aybdor o‘zining harakatlari bilan jamoat tartibini buzayotganligini anglashi lozim. Bunda mazkur xatti-harakatlar bilan jamoat tartibini buzish o‘rtasida sababiy bog‘lanish bo‘lishi shart. Sababiy bog‘lanish aniqlanmagan holda qilmish shaxsga yoki mulkka qarshi qaratilgan jinoyat deb baholanishi lozim.
Bezorilik jinoyati bilan ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanmish mayda bezorilikni bir-biridan farqlash zarur. Mayda bezorilik tushunchasi O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasida berilgan bo‘lib, uning mazmuniga ko‘ra, ushbu huquqbuzarlik jamoat joylarida uyatli so‘zlar aytish yoki shunday so‘zlar bilan so‘kinish, behayo qiliqlar ko‘rsatish yoxud odamlarga nisbatan haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini buzish kabi jamiyatda yurish-turish qoidalarini ochiqdan-ochiq mensimaslik harakatlarida ifodalanadi.
Agarda mayda bezorilik harakatlari davom etib, aybdorning keyingi harakatlari shaxsni urish-do‘pposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki mulkka ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud nobud qilish bilan sodir etilgan bo‘lsa, shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilmasdan, faqat jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Urish-do‘pposlash deganda, aybdor tomonidan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzib, shaxsning badaniga shikast yetkazmagan holda bir necha zarba berish tushuniladi.
Sovuq qurol yoki shaxsning sog‘lig‘iga amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni qo‘llash deganda, aybdorning ular vositasida bezorilik harakatlari davomida jabrlanuvchiga nisbatan tan jarohati yetkazgan yoki yetkazishga harakat qilgan hollar tushunilishi lozim.
Shaxsning sog‘lig‘iga amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa narsalar turkumiga aybdor tomonidan o‘sha maqsadlarda bezorilik harakatlari davomida foydalanilgan har qanday narsalar kiradi.
Bezorilik harakatlari o‘taketgan behayolik bilan sodir etilgan deb topish masalasini hal etish chog‘ida sud ishning muayyan holatlari majmuidan kelib chiqishi hamda sodir etilgan jinoyatning xususiyati, vaqti, joyi va shart-sharoitlarini inobatga olishi lozim.
Xo‘rlash deganda, shaxsga jismoniy jihatdan azob berish yoki uni qiynash tushuniladi.
Qonun mazmuniga ko‘ra, yosh bola deganda 14 yoshga to‘lmagan shaxs, qariya deganda 55 yoshdan oshgan ayol va 60 yoshdan oshgan erkak, nogiron deganda esa, belgilangan tartibda I, II, III guruh nogironi yoki bolalikdan nogiron sifatida tan olingan shaxs tushuniladi.
Ojizlik, jabrlanuvchining jismoniy yoki ruhiy nosog‘lomligi tufayli jinoyatchiga qarshilik ko‘rsata olmasligida, o‘z huquqlari, manfaatlari va qadr-qimmatini himoya eta olmasligida, shuningdek kutilayotgan xavfdan saqlana olmasligida namoyon bo‘ladi.
Jinoiy harakatni ushbu band bilan kvalifikatsiya qilish uchun aybdor shaxs jabrlanuvchining yosh bolaligi, qariyaligi, nogironligi yoki ojiz ahvolda ekanligini anglab yetgan bo‘lishi talab etiladi.
Agar bezorilik harakatlarini to‘xtatish chorasini ko‘rayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish paytida ishlatilgan zo‘rlik natijasida aybdor tomonidan yana boshqa og‘ir jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, bu hol bezorilik jinoyati tarkibi bilan qamrab olinmaydi.Mazkur turdagi jinoyatni sodir etgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
Jasur Xudoyberdiyev,
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati sudyasi,