...
21.05.2024
167 marta o'qildi

Mamlakatimizda 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni yoqlab ovoz bergani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi, shu bilan bir qatorda, Bosh qomusimizda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganini ifoda etadi.

 

Xalq-davlat hokimiyatining birdan-bir manbai

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 7-moddasi birinchi bandida “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai”, degan norma belgilab qo‘yilgan. Bu norma timsolida O‘zbekiston Respublikasida jahon miqyosida umume’tirof etilgan xalq hokimiyatchiligi prinsipi, ya’ni xalq suverenitetning tashuvchisi va davlat hokimiyatining yagona manbai ekanini anglatuvchi tamoyil mustahkamlab qo‘yilgan.

 

Davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak!

 

Konstitutsiyadagi ushbu qoidalar 10-moddaning “O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin”, degan birinchi bandida yanada aniq ifoda etilgan va chuqur ochib berilgan. Ya’ni jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.

 

Ushbu normalar talqini asnosida shuni ta’kidlash o‘rinliki, insoniyat tajribasi negizida demokratiyaning ikki turi ishlab chiqilgan. Bulardan biri - to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ya’ni bevosita demokratiya bo‘lsa, ikkinchisi - saylangan vakillarning tegishli muassasalari orqali amalga oshiriladigan vakillik demokratiyasidir.


Shunga ko‘ra O‘zbekistonda boshqaruv davlat hokimiyatining uch tarmoqdan iborat tizimi orqali amalga oshiriladi: Oliy Majlis qonun chiqaruvchi vakillik organi sifatida qonunlarni qabul qiladi, Vazirlar Mahkamasi boshchiligidagi ijro hokimiyati ularning ijrosini ta’minlaydi, sudlar odil sudlov organlari sifatida nizolarni qonun asosida hal qiladi. Ushbu organlarning har biri muayyan doiradagi vakolatlarga egadir.

 

Yangi O‘zbekiston - demokratik va huquqiy davlat

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 7-moddasi uchinchi bandida: “Konstitutsiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirish, hokimiyat organlari faoliyatini to‘xtatib qo‘yish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi”, deb belgilangan.

 

Bu normalar Yangi O‘zbekiston demokratik huquqiy davlat hisoblanib, mamlakatda hokimiyat almashishi faqat Konstitutsiya va qonunlar asosida ta’minlanadi, degan tamoyil hayotga tatbiq etilishining kafolatidir. Davlatning huquqiy siyosati insonparvarlik, demokratiya, ijtimoiy adolat va siyosiy xilma-xillik prinsiplariga asoslanadi.

 

Yangi O‘zbekistonda xalqimizning boy tajribasi va madaniy an’analariga asoslangan demokratiya o‘rnatilmoqda, bunda aholining turli ijtimoiy guruhlari va qatlamlari manfaatlari hisobga olinadi. Zo‘ravonlikka asoslangan eskicha ma’muriy-buyruqbozlik tizimi qoldiqlari nihoyat barham topdi, ko‘ppartiyaviylik, g‘oya va fikrlar xilma-xilligi odatiy holga aylanib bormoqda.

 

O‘z navbatida, ushbu konstitutsiyaviy normalar umume’tirof etilgan bir qator prinsiplarga ham to‘la mos keladi.

 

Xususan, “Konstitutsiya va qonunlar ustunligi” prinsipini olaylik. Davlat organlarining vakolatlari Prezident, parlament yoki hukumatning har xil normativ-huquqiy hujjatlari bilan emas, balki faqat Konstitutsiya va qonunlar bilan belgilanadi. Davlat organlari Konstitutsiya va qonunlarga so‘zsiz bo‘ysunishi va o‘z vakolatlarini shu huquqiy negizdagina amalga oshirishi shart. Bu qat’iy mezon qonun ustuvorligining ham muhim belgisi hisoblanadi. Jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs tomonidan “davlat hokimiyatining tortib olinishi”ga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Yangi O‘zbekiston - ijtimoiy va dunyoviy davlat

 

Konstitutsiyamiz Muqaddimasida davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar aniq belgilab berilgan.

 

Konstitutsiyada xalqimizga xos mehr-oqibat, o‘zga millat vakillariga hurmat, bilimga intilish, or-nomus va qadr-qimmat, bag‘rikenglik va hayo kabi fazilatlar o‘z ifodasini topdi. Unda muqaddas Vatanimiz xalqiga xos adolat, rostgo‘ylik, olijanoblik, mardlik va saxovat kabi yuksak fazilatlar ham mujassam etildi. Beshinchi tamoyil - O‘zbekistonning jahon hamjamiyati, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarini hamkorlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilish.

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 1-moddasida davlat qurilishining yangi strategik maqsadi - suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish ekanligi qat’iy belgilandi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi. Ayniqsa, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlangani e’tiborga sazovor.

 

Eng asosiysi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning:

birinchidan, mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi;

ikkinchidan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi;

uchinchidan, yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishiga taalluqli konstitutsiyaviy normalar mustahkamlab qo‘yildi. Eski tahrirdagi matnda Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashga doir ushbu mexanizmlar mavjud emasdi.

 

Bosh qomusimizning “Konstitutsiya va qonunning ustunligi” bobidagi 15-16-moddalarning yangi va eski matnidagi normalari o‘zaro qiyoslansa, bu fikrlarimiz qanchalik haqqoniy ekani o‘z tasdig‘ini topadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 15-moddasiga muvofiq:

“O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”-deb qayd etilgan.

 

JIB Sariosiyo tuman sudining raisi I.Ergashev



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?