“Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi”. Ushbu haqqoniy e'tirof Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2023-yil 16-noyabrda imzolagan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoyishda alohida ta'kidlandi.
soy
Mamlakatimizda 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Konstitusiyamizni yoqlab ovoz bergani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi, shu bilan bir qatorda, Bosh qomusimizda xalqimizning Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha orzu-umidlari va intilishlari oʻz aksini topganini ifoda etadi.
Xalq - davlat hokimiyatining birdan-bir manbai
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasining avvalgi tahriri 1992-yil 8-dekabrda Oʻzbekiston xalqining vakolatli vakillari boʻlmish parlament a'zolari, ya'ni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputatlari tomonidan qabul qilinganini bilamiz. Bundan farqli oʻlaroq, mamlakatimiz Asosiy Qonunining yangi tahriri bevosita umumxalq referendumida - toʻgʻridan-toʻgʻri ovoz berish yoʻli bilan qabul qilindi. Shu ma'noda, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Konstitusiyasining haqiqiy muallifi xalqning oʻzidir. Fuqarolarning xohish-irodasi esa islohotlarning manbai va harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi.
Yangi tahrirdagi Konstitusiya 7-moddasi birinchi bandida “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai”, degan norma belgilab qoʻyilgan. Bu norma timsolida Oʻzbekiston Respublikasida jahon miqyosida umume'tirof etilgan xalq hokimiyatchiligi prinsipi, ya'ni xalq suverenitetning tashuvchisi va davlat hokimiyatining yagona manbai ekanini anglatuvchi tamoyil mustahkamlab qoʻyilgan.
Shundan kelib chiqib, keyingi yillarda mamlakatimizda Yangi Oʻzbekiston - inson sha'ni va qadr-qimmati, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari oliy qadriyat hisoblangan davlat boʻlishi; xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi;
“odamlar tashvishi bilan yashash”, xalqimizning qonuniy talab-istaklari va xohish-irodasini roʻyobga chiqarish davlat organlari faoliyatini baholashning eng muhim mezoniga aylanishi;
barcha muhim qarorlar aholi ishtirokida, fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuv asosida qabul qilinishi kabi prinsip va gʻoyalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlament va siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish;
hokimiyat tarmoqlarini tiyib turish va muvozanatni saqlashda parlament rolini oshirish; davlat xizmatlari sifati va samaradorligini yaxshilash, davlat organlari faoliyatining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalga tatbiq etish masalalariga alohida e'tibor qaratish talab etiladi.
Davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak!
Yuqorida aytib oʻtilgan moddaning ikkinchi bandi birinchi qismida belgilab berilgan Oʻzbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini koʻzlab amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi norma ham aytib oʻtilgan fikrlarning tasdigʻidir. Hech shubhasiz, ushbu normalar mamlakatimizda xalq hokimiyatchiligining konstitusiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash bilan bir qatorda xalqimiz xohish-irodasi va insonlarning qonuniy manfaatlarini ta'minlashga ham xizmat qiladi.
Mazkur moddaning ikkinchi bandida yana bir umume'tirof etilgan tamoyil mustahkamlangan. Unga koʻra davlat hokimiyati faqat “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan organlar tomonidangina amalga oshiriladi”.
Konstitutsiyadagi ushbu qoidalar 10-moddaning “Oʻzbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin”, degan birinchi bandida yanada aniq ifoda etilgan va chuqur ochib berilgan. Ya'ni jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs Oʻzbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.
Ushbu normalar talqini asnosida shuni ta'kidlash oʻrinliki, insoniyat tajribasi negizida demokratiyaning ikki turi ishlab chiqilgan. Bulardan biri - toʻgʻridan-toʻgʻri, ya'ni bevosita demokratiya boʻlsa, ikkinchisi - saylangan vakillarning tegishli muassasalari orqali amalga oshiriladigan vakillik demokratiyasidir.
Shunga koʻra Oʻzbekistonda boshqaruv davlat hokimiyatining uch tarmoqdan iborat tizimi orqali amalga oshiriladi: Oliy Majlis qonun chiqaruvchi vakillik organi sifatida qonunlarni qabul qiladi, Vazirlar Mahkamasi boshchiligidagi ijro hokimiyati ularning ijrosini ta'minlaydi, sudlar odil sudlov organlari sifatida nizolarni qonun asosida hal qiladi. Ushbu organlarning har biri muayyan doiradagi vakolatlarga egadir.
Jinoyat ishlari boʻyicha Sariosiyo tuman sudi raisi I.Ergashev