Maqola nomini o‘qib “yana, yana, yana sog‘indim yana...” deb,- aytiluvchi qo‘shiq bir yodingizga tushib ketmadimi?
Meni yodimga tushib ketdi...
Yaqinda bir kredit nizosi bo‘yicha, davogar vakili javobgarga qarab “hurmatli javobgar sizga ishonch yo‘q kreditni olishga olasiz, to‘lashga kelganda, bugun-ertangiz hech tugamaydi, bahonangiz ko‘p, avvalgi kredit shartnomangiz bo‘yicha ham bugungi kunga qadar qarzdorlikni yopmagansiz, garovga olgan mulk ham sotilmadi.
MIB ijroni yakunlamadi, biz nima qilishimiz kerak, bankda turgan pul birovniki, shu pullar aylanmasidan kredit mablag‘i sizga, boshqa tadbirkorlarga beriladi, kredit pulni qaytarmasangiz, foizi to‘lamasangiz, biz omonatni qanday qaytaramiz, foizini qanday to‘laymiz, bank ishchilari oyligini qayerdan oladi, yonimizdan qoplash imkoni yo‘q, 10 marta kelib, kredit so‘rab, shartnomani imzolagansiz o‘z xohishingiz bilan, qarzni to‘langda... ” dedi.
Javobgar ham bo‘sh kelmay deb, “atay to‘lamadimi, karantin bo‘ldi, ishlamay qoldik, ish yurishmayapti, kreditga foizni ham katta qo‘yib bergansizlar, kredit ham kech berildi, to‘layabman-ku imkon qadar, sud qarori ham chiqdi avvalgi kredit bo‘yicha, sud qarori chiqqandan keyin ham foiz undirib olayapsizlar, ey, bank kreditdan yutqazarmidi, g‘ing deganim yo‘q to‘layapman, qolganini ham to‘layman qochib ketayotganim yo‘q, ozgina sabr qilinglar, ha deb sudga chopib kelasizlar, oqibatda davlat boji ham to‘layapman million-million”, - dedi.
Bir so‘z bilan aytganda, aqlli sud boshqaruvi darkor.
Chunki, iqtisodiy sudlarning vazifasi u yozilgan yoki yozilmaganligidan qat’iy nazar quyidagilarni ham qamrab olishi shart ya’ni, avvalo, iqtisodiy nizolarni hal etish, ana shu nizolarni yuzaga kelishidagi, iqtisodiyot rivojiga, xususiy mulk, tadbirkorlikka to‘siq omillarni bartaraf etish, pirovardida davlatning iqtisodiy taraqqiyotiga, yurt farovonligiga erishishdir...
Taklif:
Demak, buning uchun birinchi navbatda qarashlarni o‘zgartish lozim:
Avvalo, qarzdor-tadbirkor o‘z qarashini, mavjud kredit taklifi shartlari, undan foydalanish jarayoni uni qoniqtiradimi, uning faoliyatiga ta’sir etuvchi risk darajasi qanday, kredit foizidan orttirib, daromad qila oladimi, bunda tavakkalchilikni, minimal va maksimal xavfi haqida bosh qotirishi yoki qo‘shiqda aytilgan kabi, “yana, yana, yana kredit yana...”,- degan yuqori tavakkalchilik, mavjud bozor sharoitida naflilik kam bo‘lgan sharoitda o‘ta tavakkalchilikka e’tiborsizlik qabilida ish tutmasligi;
Kreditorning qarashi esa, mamlakat iqtisodiy manfaatini ko‘zlab, kredit ta’minotni yaxshilashning, ta’minotni oshirishning, kredit riskini kamaytirishning oson yo‘lini - qarzdorning hisobidangina amalga oshirishga urg‘u beravermasdan, yangicha yondashuvlarni joriy etish, oson-sodda, tez, umumochiq kredit siyosati, kreditor-bank ham avvalo tadbirkorlar qatori bir tadbirkor ekanligiga urg‘u berib, tadbirkorlar-qarzdorlar bilan teng huquqli, kredit, garov va boshqa ta’minot shartnomalariga erishish nuqtayi nazaridan qarashlarni o‘zgartishi maqsadga muvofiq.
Sud esa, juda anglo-sakson huquq oilasi sudyalari kabi faktik verdiklar chiqarmasa ham, hal qiluv qaroridan keyin kiritiladigan bu foiz undirishga oid da’volarda qarzdorning aybi foiz o‘sishiga olib kelganmi yoki yo‘qmi, kredit ta’minoti – garov mulkini realizatsiya qilinmasligida qarzdorning qarshiligi bormi-yo‘qmi, hal qiluv qaroridan keyin berilgan foiz undirish haqidagi da’vo qarzdorga nisbatan asoslimi, haqlimi, adolatlimi, bundan jamiyatga nima naf, iqtisodiyotga nima foyda, nima ziyon degan juda mushohadali qarashlar bilan birga, sud amaliyotidan kelib chiqib, hukumatga beriladigan tavsiyalarda ham ham namoyon bo‘lishi;
Qonun ijodkorlari esa, sudlardagi bugun ko‘rilayotgan kredit nizolari son-sanog‘ining o‘zi katta bir muammo ekanligiga urg‘u bergan holda va shu asosda bu boradagi qonunchilikni tahlil etib, kredit nizolaridan boshqa muammolar ijtimoiy masalalar kelib chiqmasligini tezkor va zamon talablariga mos yondashuv asosida ko‘rib chiqishi;
Albatta hukumat, sud amaliyotidan kelib chiqib, kredit nizolarini ko‘payganligi ortida, kredit olish tartib-taomillari soddalashganligi, osonlashganligi, tadbirkorlik subyektlari soni bir necha barobar ortganligi bilan bir qatorda albatta, kredit nizolarning ko‘pligi bu sohada hali hamon katta-katta muammo va masalalar borligini anglatishini, ya’ni kredit, garov va boshqa ta’minot bilan bog‘liq qonun va qonun osti hujjatlari, shartnomaviy munosabatlar, ularga ta’sir etuvchi ma’muriy omillar, turli dasturlar guruhlarga oid imtiyozlar hamda boshqa chora-tadbirlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish, monitoring asosida, shartnomaviy munosabatlarda, imtiyozlarda, tenglik, erkinlik prinsiplarini tizimli qo‘llash borasida keng imkoniyatlar yaratishni nazarda tutuvchi yangi mexanizmlarni ishlab chiqishi, taklif etishi maqsadga muvofiq.
Aslida ham davlatimiz rahbari tomonidan keyingi besh yillik uchun belgilab berilgan besh asosiy yo‘nalishdan ikki muhim yo‘nalishlar bo‘lgan sud mustaqilligi, sudlarga ishonch va tadbirkorlik rivoji sari belgilangan vazifalardan muddao ham avvalo, mana shunday masalalarni yechishga qaratilgandir.
Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sud raisi
Nuriddin Murodov