...
24.05.2024
120 marta o'qildi

Biror - bir davlat huquqiy tizimining holatiga nazar solinar ekan avvalo o‘sha davlatda amalda bo‘lgan huquqiy tizim qaysi huquqiy tizim oilasiga mansubligi ham e’tiborda bo‘lishi muhim sanaladi.

 

Umuman  qonunchilik yoki huquqiy tizim borasida so‘z ketganida mutaxassislar ikki asosiy huquqiy tizim ingliz – amerika huquqiy tizimi ya’ni, statut huquqi (statute law), umumiy huquq (common law) hamda kontinental (roman – german) huquqiy tizimini asos qilib keltirishadi. Aynan, ikkinchi huquqiy tizim oilasiga xos xususiyatlar bilan rivojlanayotgan milliy qonunchiligimiz esa, bir oz keyinroq yo‘lga qo‘yilgan raqmlash tartibi asosida 470 ga, umumiy hisobda esa, amalda jami bo‘lib, 700 ga yaqin O‘zbekiston Respublikasi qonunlari mavjudligi aytiladi. Ko‘p takrorlaydiganimiz - iqtisodiyot sohasiga ushbu qonunlarning 400 dan ortig‘i dahldor bo‘lsa, 150 dan ortiqroq qonunlar yoki ulardagi ayrim normalar bevosita tadbirkorlik, xususiy sektor faoliyati bilan bog‘liqdir.

 

Yurtimizda sohani tartibga soluvchi ushbu qonunlar va ular asosida qabul qilingan boshqa qonun hujjatlarining sifati, ijrosiga oid Jahon banki tomonidan tayyorlanadigan World Governance Indicators hisobotida “qonunchilik sifati” (Regulatory quality, 139-o‘rin) va “qonunchilik ijrosi” (Rule of law, 133-o‘rin) ko‘rsatkichlardagi indikatorlar keltiriladi. “Qonunchilik sifati” indikatori davlatning xususiy sektor rivoji uchun qulay bo‘lgan qonunchilikni joriy qilish holati tahlil etilsa, “qonunchilik ijrosi” indikatori esa, davlatning huquqni muhofaza qiluvchi, boshqa nazorat organlari hamda sudlari tomonidan xususiy mulk, xususiy sektor vakillari huquq va manfaatlari himoyasi, huquqbuzarlik, jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha qobiliyatlarini e’tirof etadi.

 

Biroq, masalaning muhim jihati keltirilgan mazkur reytingda ham ushbu reytingning qanchalik asosga egaligida ham emas. Barchamizga ma’lumki, ayrim mutaxassislar “statistika”ga hazilomus ta’rif berib, “Statistika real bo‘lmagan ma’lumotlarning asoslashga qaratilgan raqamlar majmuidir”,- deb keltirishadi. Shuningdek, turli statistika va reytinglardan ko‘zlangan asosiy maqsad va vazifalar bilan bir qatorda undan kutilayotgan yashirin manfaat ehtimolini ham hech birimiz inkor eta olmaymiz. Lekin, gap xususiy sektorga oid milliy qonunchiligimiz, uning sifati, hayotga tatbiq etishning bugungi holati, xususiy sektorning huquq va manfaatini ishonchli himoyalash, maftunkor biznes muhitini yaratish orqali pirovard maqsad vatan ravnaqi, aholi turmushi farovonligi, yurt obodligi haqida borar ekan. Bu borada jiddiy bosh qotirish vaqti kelganligi ayni haqiqatdir.

 

O‘rganishlar, xususiy sektor faoliyatiga oid amaldagi qonun hujjatlarida normalar tarqoqligi va bir-birini inkor etuvchi xususiyatlari hamda bu sohani tartibga soluvchi yaxlit, tizimli, bir yo‘la, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi huquqiy asosi har doim ham ta’minlanmayotganligi, havola va qolip normalarning salmog‘i ancha yuqoriligini ko‘rsatadi. Shuningdek, soha qonunchiligi xususiy sektor maqtarli ko‘rsatkichga erisha olmagan, soha huquqiy tizimi havas qilar darajada ilg‘orlik kasb etmagan qonunchilik tajribalarga tayanilgan desak xato bo‘lmaydi.

 

 “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy yuki, ya’ni yuridik kuchi belgilab qo‘yilgan. Xususiy sektor sohasi huquqiy asosi, yaxlit qonunlarning o‘rni boshqa qonun hujjatlari bilan taqqoslaganda, har qachon ham ustun mavqe kasb etmaydi. Bu holat esa, mavjud qonunlardagi normalarning maqsad qilinganidek to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga kira olmayotganligidan dalolatdir. Bir so‘z bilan aytganda, xususiy sektor faoliyatida yangi huquqiy asosi belgilanishi lozim bo‘lgan qator sohaviy munosabatlar, huquqiy jihatdan yechimini kutayotgan  bir qator qonunlar normalaridagi hamda qonun hujjatlaridagi o‘zaro ziddiyatli masalalarning mavjudligi, soha huquqiy asosini jiddiy qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

 

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, tadbirkorlik subyektlarining davlat reyestridan chiqarish jarayonida soliq qarzdorligini undirishning samarali va ilg‘or mexanizmini joriy etishning huquqiy asosi ham e’tiborga muhtoj. Tadbirkorlik subyektlari bankrotligi bilan bog‘liq ishlarni hal etish tartibi ketma-ketlik asosida lozim darajadagi aniq va tizimli huquqiy yechimga ega bo‘lishi lozim. Bu borada tizimli monitoring, ilmiy-nazariy, amaliy tahlil bugungi talablarga javob bermaydi. Tadbirkorlar o‘rtasida kelib chiqadigan nizolar yechimi jarayonida ham muqobil hal etish vositalari keng qo‘llanilmaydi. Balki, ushbu nizolarni sudlarda hal etish tobora ortib bormoqda. Bu holat esa, xususiy sektor faoliyatiga o‘zining ma’lum salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda. YA’ni, soha vakillarining qimmatli vaqti, ortiqcha boj to‘lovi va boshqa xarajatlarni yuzaga keltiradi.  Vaholanki, ilg‘or xorijiy tajriba bu borada hakamlik, arbitiraj, nizoli masalalarda xususiy sektor vakillarning yuridik xizmat vakillari ishtirokida o‘zaro kelishuvi, zarur xomashyo bilan ta’minlovchi, yer ajratuvchi, kommunal infratuzilma xizmatlari (elektr energiyasi, suv ta’minoti, kanalizatsiya, gaz ta’minoti va issiqlik ta’minoti) ko‘rsatuvchi tomon bilan sudgacha o‘zaro kelishuv hamda ma’murchilikdan voz kechgan holda davlat bilan xususiy sektorlarning manfaatli kelishuvi kabi institutlar faol faoliyat olib boradi.

 

Shuningdek, xususiy sektorga ixtisosli, malakali yuridik xizmat ko‘rsatishda mavjud imkoniyatlar ishga solinmayapti. Sudlarda esa, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq nizolarning ancha ko‘pligi, ya’ni nizoni ko‘rib chiquvchi tizimdagi mavjud sudyalarga taqsimlanganda ushbu nizolarni atroflicha ko‘rib chiqish imkonini cheklamoqda. Natijada tadbirkorlar huquq va manfaatlari himoyasini odil sudlov orqali ta’minlanish murakkablashmoqda. Xususiy sektor vakillari o‘rtasidagi o‘zaro huquqiy munosabatda kelib chiqayotgan nizolarning kelib chiqishiga yana bir muhim omil xususiy sektorning shartnomaviy-huquqiy bazasiga oid qonun hujjatlarining bugungi davr talabiga javob bermayotganligi, xususiy sektorga sifatli yuridik xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida yaxlit huquqiy asosning mavjud emasligi bilan izohlanadi.

 

Qonunlarimizda belgilab qo‘yilgan xususiy sektor huquqlarining ustuvorligi prinsipiga muvofiq, qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlar foydasiga talqin etilishi ba’zi hollarda e’tibordan chetda qolmoqda. Davlat va xususiy sektor huquq va manfaatlari to‘qnashuvida qonun talablariga qat’iy amal qilinmay, ziddiyat va tushunmovchiliklarni davlat foydasiga hal etish, natijada xususiy sektor huquq va manfaatini ta’minlash bilan birga davlat manfaati (faoliyat yuritib turgan xususiy sektor vakili avvalo soliq va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lovchi, YAIM ishlab chiquvchi ekanligi) o‘z-o‘zidan ta’minlanishidek real holat yuzasidan qarash ikkinchi darajaligicha qolmoqda.

 

Qonun hujjatlarida vakolatli organlar tomonidan eksport-import operatsiyalari, xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarda, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi dasturlar va loyihalarni amalga oshirishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish tashkiliy-huquqiy, aniq va ilg‘or mexanizmli chora-tadbirlarini takomillashtirishga zarurat mavjud. Xususiy sektorning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur bo‘lgan huquqiy, iqtisodiy, statistik, ishlab chiqarish-texnologik, ilmiy-texnik va boshqa axborot bilan amalda ta’minlashning ilg‘or huquqiy mexanizmlarini joriy etish dolzarb masaladir.

 

Bundan tashqari, deyarli har kunning kundalik mavzusi bo‘layotgan -tadbirkorlik subyektlarini zarur xomashyo bilan ta’minlash, yer ajratish, kommunal infratuzilma xizmatlari (elektr energiyasi, suv ta’minoti, kanalizatsiya, gaz ta’minoti va issiqlik ta’minoti) haqini to‘lash, belgilangan tariflar bo‘yicha va shartlar asosida amalga oshirish, kommunal xizmat ko‘rsatish, elektr, gaz, suv va issiqlik ta’minoti korxonalari zarur kommunikatsiya tarmoqlarining ular faoliyati amalga oshirilayotgan joygacha yetkazilishini hamda ulanishini tizimli choralari ko‘rishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonuniy asosini qayta ko‘rib chiqish zarur. Shuningdek, boj, soliq, boshqa majburiy to‘lovlar va tariflar bo‘yicha imtiyozlar hamda preferensiyalar masalasida maqbul xalqaro tajriba chuqur o‘rganish va qonunchiligimizga kechiktirmay implimentatsiya qilishni kun tartibiga qo‘yish darkor.

 

Davlat boshqaruvida ochiqlikka asoslangan, samarali qarorlar qabul qilish tizimini tatbiq etish orqali bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, 64 ta litsenziya turi, ruxsat berishga oid 220 ta hujjatlarni keskin qisqartib, markazlashuv prinsipidan voz kechishning yagona tizimga ega tashkiliy-huquqiy shaklini ishlab chiqish hamda izchil amalga kiritish, litsenziyalanadigan faoliyat turlari va ruxsat berish tartib-taomillari bilan bog‘liq amaldagi qonun hujjatlarini bugungi talablar nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqish va yagona yaxlit yangi qonun doirasida “Davlat xizmatlari turlari” sifatida belgilash maqsadga muvofiq. Shuningdek, imtiyozlar qo‘llashning o‘zini oqlamayotgan tizimidan voz kechib, imtiyozlarni ayrim tadbirkorlik subyektlari uchun emas, balki alohida ishlab chiqarish va xizmat turlarini rag‘batlantirishga qaratib, raqobat muhitini ta’minlash muhimdir.

 

Xususiy sektorni noqonuniy tekshirishlar, xususiy biznes faoliyatiga asossiz aralashishni bartaraf etish, tekshirishning faqatgina qonun asosida tashkil etish, tekshirishlarga oid hukumat tomonidan ishlab chiqiladigan qaror, nizom, yo‘riqnomalardan, Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkaziluvchi boshqa idoraviy hujjatlardan bosqichma-bosqich voz kechish, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi faoliyatini tugatish hamda davlat va xususiy sektorning o‘zaro munosabatlarini soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bilangina bog‘lash tizimiga o‘tish, bu jarayonni faqatgina elektron vositalar orqali yo‘lga qo‘yish o‘rinlidir.

 

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari tomonidan ta’kidlangan fond bozori, fond birjasi, qimmatli qog‘ozlar bozorini faoliyatini xalqaro tajriba asosida huquqiy asosini tubdan takomillashtirish, valyuta siyosati biznes va iqtisodiyotni rivojlantirish manfaatlariga to‘liq xizmat qilishi, investitsiya faoliyatiga ijobiy turtki berishi lozimligi asosiy tamoyillardan biri sifatida e’tirof etilishi kerak hamda ishlab chiqilishi kerak bo‘lgan huquqiy asos ushbu tamoyilga tayanishi davr talabidir. Barchamizga ma’lumki, jahon tajribasi milliy innovatsion taraqqiyotni ta’minlash uchun nafaqat yetakchi yevropa davlatlari, hatto MDH davlatlarida ham o‘tgan yillar davomida bir qator ixtisoslashgan qonunlar qabul qilinganligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, bu yilda innovatsion g‘oya va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari birinchi darajaga olib chiqilayotgan bir vaqtda, xususiy sektorning rivojiga katta o‘ringa ega innovatsion faoliyatining qonuniy asoslarini takomillashtirish masalalari yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.

 

Qayd etilganlar asosida, yangi qonunlar: xususan, “Innovatsion faoliyatni moliyalashtirish to‘g‘risida”, “Venchur tadbirkorligi to‘g‘risida”, “Texnoparklar to‘g‘risida”, “Kooperatsiya to‘g‘risida”gi ochig‘i umuman ishlamayotgan qonunni tubdan qayta ko‘rib chiqib, “Klasterlar to‘g‘risida” qonun, “Yer degradatsiyasining oldini olish va tuproq unumdorligini  oshirish borasida Davlat doktrinasi” yoki konsepsiyasi ustida ishlash vaqti yetganligini ko‘rsatmoqda. Qolaversa, eksport, investitsiyalarni jalb qilish masalalariga katta e’tibor berilayotganligi ushbu sohalarning huquqiy asoslarini bugungi kunda yurtboshimiz tomonidan qo‘yilayotgan talablar darajasiga olib chiqishni taqozo etamoqda. Ochig‘i, mahsulotlar eksporti to‘g‘risida gap ketar ekan, shu paytgacha uning huquqiy asoslarini tashkil qiluvchi “Tashqi savdo to‘g‘risida” va umuman “Savdo to‘g‘risida”ga qonunining yo‘qligini, O‘zbekistonga o‘z moliyaviy resurslarini olib kirish, uni ishlab chiqarishga kiritish istagida bo‘lganlarning huquqiy tomondan kafolatlanishini ta’minlovchi “Xalqaro moliya-sanoat guruhlari to‘g‘risida”, chet davlatlar bilan oldi-berdida tadbirkorlar manfaatlarini himoya qiluvchi “Tovarlarga transfert baholarini shakllantirish to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ustida ishlash zarurligini anglatadi.

 

Tibbiy xizmat sifati va ko‘lamini yanada yaxshilash, bu borada raqobat muhitini ta’minlash, aholining tibbiy xizmatga ehtiyojini to‘laroq qondirish, sohaga eng ilg‘or va innovatsion texnologiyalarni keng jalb etish, xususiy sektorning mablag‘larini ushbu sohaga ham jalb etishga imkon yaratishning yaxlit huquqiy asosini ta’minlash maqsadida “Xususiy tibbiy xizmat faoliyati to‘g‘risida” qonun loyihasini ishlab chiqish vaqti keldi. Xususiy sektorning yana bir faol vakili, o‘zgaruvchan bozor iqtisodiyoti sharoitida, biznesga tez moslashuvchan yakka tartibdagi tadbirkorlar va ular faoliyatini bugungi kunda tartibga solishning yagona huquqiy asosini belgilab olishga jiddiy asoslar mavjudligi bois, “Yakka tartibdagi tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqilishi, ushbu faoliyat turini aniqlashtirishga, uning maqomi, huquq va majburiyatlarini, faoliyatining kafolatlarini belgilashga xizmat qilib, bugun lozim darajada e’tibor berilmayotgan ushbu faoliyatning rivojlanishiga turtki bo‘ladi.

 

O‘z huquqiy yechimini kutayotgan yana bir dolzarb masala, xususiy sektorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning tartibini aniq bayon etish, turli maqomga ega tadbirkorlik subyektlari turini davlat ro‘yxati jarayonida aniq belgilab qo‘yish, ularga oid tegishli statistikalarni yuritish va tugatish jarayonida aniqlangan mavjud huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish, bu jarayonda yuzaga kelayotgan ziddiyatlarni bartaraf etishga qaratilgan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi hamda “Tadbirkorlik subyektlarini tugatish tartibi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish maqsadga muvofiq.

 

Tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi o‘zaro huquqiy munosabatda kelib chiqayotgan nizolarni kamaytirish, xususiy sektorni sifatli, malakali yuridik xizmat bilan ta’minlash, yuridik xizmat ko‘rsatish jarayonini soddalashtirish va bu boradagi ortiqcha talablardan voz kechishni ta’minlash hamda shartnomaviy-huquqiy bazaga oid qonun hujjatlarining bugungi davr talabiga javob bermayotganligi asosida, “Yuridik xizmat to‘g‘risida” qonun loyihasini ishlab chiqish hamda “Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning shartnomaviy huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ilg‘or tajriba, shuningdek, qisqa muddatda xususiy sektor faoliyati va biznes muhitini yaxshilash borasidagi amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqadigan vazifalarni inobatga olgan holda yangi tahrirda qabul qilishni taqozo etmoqda.

 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, bu borada ma’lum vakolatlarga ega boshqa tashkilotlar yurtimizda xususiy sektor sohasiga oid qonun hujjatlarini ishlab chiqish, ishlab chiqishda ishtirok etish, ijro etish, ijro etishda ishtirok etishni eng ilg‘or xorijiy davlatlar darajasiga yetkazish, xususiy sektor, ular faoliyatiga bo‘lgan sekin-astalik bilan o‘zgarayotgan qarashlarimizga faollik berishimiz, sohani rivojlantirish faqat va faqat yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi ustuvor vazifa ekanini unutmasligimiz darkor.

 

Nuriddin Murodov

Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudi raisi

 



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?