...
12.03.2025
0 marta o'qildi

Huquqshunoslar orasida mashhur va ko‘p ishlatiladigan ushbu ibora tag zamirida chuqur ma’no mujassam.

 

Joriy yilning 5 mart kuni davlatimiz rahbari Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Milliy kengashning hisobot yig‘ilishida ishtirok etar ekan, sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish doimo diqqat markazida bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

 

So‘nggi yillarda sudlar mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha katta islohotlar amalga oshirildi. Lekin sudyalarni majlisga chaqirish, ular vakolatiga kirmaydigan vazifalarni yuklash holatlari ham uchrab turgani qayd etilib, ayrim idoralar tomonidan sudga ta’sir o‘tkazishga urinishlar hali-hanuz davom etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

 

Barcha rahbarlarni qat’iy ogohlantiraman. Sudlar faoliyatiga har qanday aralashish odil sudlovga soya solish, deb baholanadi. Bu bo‘yicha so‘rov ham, javobgarlik ham qattiq bo‘ladi”, – dedi Prezident.

 

Darhaqiqat, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish, umuman odil sudlovni, adolatni ta’minlash aholining sudga, adolatga ishonchini orttiribgina qolmay, davlatga va olib borilayotgan islohotlarga ishonchini yuksaltiradi, ishonch esa avvalo, taraqqiyotning garovi bo‘lib sanaladi.

 

Shu asosda ham barcha darajadagi rahbarlar va mas’ullar odil sudlov zaruratini ich-ichidan anglab yetishi, odil sudlovni hurmat qilishi, adolat yo‘lida har qanday aralashuvlardan tiyilishi, odil sudlov ortida faqat va faqat adolat, xalq, jamiyat va davlat manfaati, aholi ishonchi, qonun ustuvorligi, inson manfaati, uning haq-huquq hamda erkinliklari turganini aslo yoddan chiqarmasligi shart. Zero, adolat va qonun ustuvor, jazo muqarrardir.

 

Shuningdek, yig‘ilishda davlatimiz rahbari korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatni tahlil etib, tergovchi, prokuror va sudyalar qo‘lidagi ish bo‘yicha idoralarga taqdimnoma va xususiy ajrim kiritishdan nariga o‘tmayotgani, ularning muhokamasi ham, javobi ham quruq rasmiyatchilik ekanini ko‘rsatib o‘tdi.

 

Albatta, taqdimnoma va xususiy ajrim kiritish orqali jinoyatchilikni, xususan, korrupsiyani oldini olish, profilaktika ishlari bugun kutilgan natijani bermayotgani, bugungi shiddatli zamon talabi darajasida emasligi davlatimiz rahbarining haqli e’tiroziga asos bo‘ldi.

 

Konstitutsiya, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun va to‘rtta protsessual kodeks talabiga ko‘ra, sudlarning asosiy vazifalari fuqarolar va tadbirkorlar huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini, shuningdek, davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish bilan birga, qonuniylikni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga ko‘maklashish, qonunga va sudga nisbatan hurmatda bo‘lish munosabatini shakllantirish kabi bir qator vazifalardan iboratligini barchamiz yaxshi bilamiz.

 

Davlatimiz rahbari ma’ruzasida ta’kidlanganidek, boshqa davlat idoralari qatorida sud xodimlari malakasi va salohiyatini, erishgan natijalarini IT-texnologiyalar asosida belgilash, eski “obyektivka” tizimidan voz kechish, xodimlarning qanday bilim tajribaga egaligi, ko‘rsatgan natijalari asosiy mezon sifatida belgilanishi maqsadga muvofiq.

 

Sudya va sud xodimlariga bo‘lgan talablarda eskicha yondashuv, bugungi AKT zamoni, aqlli boshqaruv jarayoni, sun’iy intellekt asrida naf keltirmaydi.

 

Odil sudlovda korrupsiyaga qarshi kurashish vositasi sifatida keng jamoatchilik, nodavlat va notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, obyektiv blogerlar bilan hamkorlikni prosessual kodekslar, Oliy sud Plenumining qarori bilan birga tegishli qonunlar asosida amalga oshirish davr talabidir.

 

Aytmoqchimanki, axborot olish kafolatlari xuddi mustaqil odil sudlov kabi har bir jamiyatda ta’minlanishi zarur.

 

Negaki, so‘z erkinligi va mustaqil, odil sudlov albatta, taraqqiyotga ishonchni yanada oshiradi. Korrupsiya balosi ildiziga bolta uradi.

 

Nuriddin MURODOV,
Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudi raisi



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?