...
16.05.2024
119 marta o'qildi

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish ishlarini 2025-2026 yillarda amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda rasmiy statistika sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish bo‘yicha prezident qarori bilan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”da belgilangan.

 

Unga ko‘ra, Statistika agentligi 2024-yilda O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini tizimli davom ettiradi. Xususan, aholini ro‘yxatga olishni aholining keng ommasiga tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarida foydalanish uchun videorolik, banner, flayer va bukletlar tayyorlaydi. 2021-yilda o‘tkazilgan sinov natijalari va xalqaro ekspertlar tavsiyalari asosida aholini ro‘yxatga olish savolnomalari shakllarini takomillashtiradi.

 

Agentlik, shuningdek, xalqaro tajriba va ekspertlarning tavsiyalari asosida “Aholini ro‘yxatga olish” axborot tizimini takomillashtiradi. STATA amaliy dasturiy paketi litsenziyasini xarid qilib, unda ro‘yxatga olish natijalarining chiquvchi jadvallari namunalarini shakllantirishi lozim.

 

Aholini ro‘yxatga olishning o‘zi 2025-2026 yillarda o‘tkazilishi, natijalari 2026-2027-yillarda tayyorlanishi va e’lon qilinishi rejalashtirilgan.

 

Bundan tashqari, agentlik qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazishni tashkil etishi belgilangan. 2027-2028-yillarda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish ishlarini amalga oshirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash rejalashtirilgan.

 

Prezidentning 2019-yil 5-fevraldagi farmoniga muvofiq, respublikada aholini ro‘yxatga olish tadbirini 2022-yilda o‘tkazish belgilangan edi. 2020-yil 16-martda “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. 2020-yilda boshlangan koronavirus pandemiyasi sababli ushbu tadbirni o‘tkazish 2023-yilga ko‘chirilgandi. Ammo 2023-yilda ham O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish yana kechiktirildi.

 

Sariosiyo tuman statistika bo‘limi boshlig‘i O.Qosimov

 



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?