O‘zbekiston va Rossiya o‘zaro uchun muhim iqtisodiy sheriklar bo‘lsa, boshqa tomondan O‘zbekiston va Rossiyani ko‘plab tarixiy, ijtimoiy, gumanitar, madaniy va boshqa aloqalar birlashtirib turadi.
Keyingi yillarda ikki davlat Prezidentlarining siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan oqilona siyosati natijasida ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi.
Rossiya bugun O‘zbekistonning eng yirik iqtisodiy va savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi.
Ma’lumki joriy yilning 26-27 may kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga amalga oshirgan davlat tashrifi o‘zaro hamkorlikning yuksak darajasini yana bir bor ko‘rsatadi.
Mazkur tashrif yuqori tashkiliy saviyada tashkil etilib muhim manfaatli kelishuvlarga erishildi. Mazkur uchrashuvlarda 27 ta yo‘nalishda hujjatlar imzolandi. Shular orasida Energetika sohasiga oid kelishuvlar xalqimiz uchun juda ahamiyatlidir.
Uchrashuvda O‘zbekiston energetika kompaniyalarining ishlab chiqarish va moliyaviy jarayonlarini raqamlashtirish hamkorlikning yangi va muhim yo‘nalishlaridan biri, shuningdek energetika sohasidagi hamkorlik ham muhim ekanligi ta’kidlandi.
Biz shu o‘rinda O‘zbekiston va Rossiyaning energetikaning yana bir muhim yo‘nalishlaridan biri muqobil yashil energiya hisoblangan Gidroenergetika sohasi borasidagi hamkorligi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.
O‘zbekiston Rossiyaning Gidroenergetika hamkorligi doirasida ekologik sof qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng qo‘llash hisobiga elektroenergiya sohasida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini izchil yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilish yo‘nalishida ham samarali kelishuvlar amalga oshirilganligini alohida ta’kidlab o‘tishimiz kerak.
Rossiyaning “Rusgidro” AJ, “Lengidroproyekt” AJ “O‘zbekgidroenergo” AJ yangi GESlarni qurish hamda mavjud GESlarni modernizatsiya qilish borasida yaqin hamkorlaridan hisoblanadi.
Rossiyaning “Rusgidro” energetik kompaniyasi O‘zbekistonda gidroelektrstansiyalarni modernizatsiya qilishni rejalashtirmoqda.
“Rusgidro” va “O‘zbekgidroenergo” hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan u Rossiya kompaniyasi tomonidan respublika gidroenergetikasini rivojlantirish dasturida ishtirok etish imkoniyatlarini o‘rganib chiqishni nazarda tutadi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekiston gidroenergetika sohasida RF Tashqi iqtisodiy banki moliyaviy ko‘magida 5 ta loyiha amalga oshirilyapti. Yangi mini GES (Darg‘om kanalida va Quyichotqol GES tarkibida)lar, amaldagi Farhod va To‘palang GESlarning modernizatsiyasi shular jumlasidan. Gidroenergetika sohasidagi yana bir qator loyihalar bo‘yicha hamkorlik qilish masalasi muhokama qilinmoqda.
Jumladan, yaqin istiqbolda quvvati 248 MVt bo‘lgan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Pskom daryosidagi Pskom GESini aytishimiz mumkin.
Taxtako‘pir tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan Karateren GTES, quvvati 300 MVt bo‘lgan Jizzax viloyati Forish tumanidagi Aydarko‘l GTES qurilishi aynan mazkur ikkita loyiha haqida ikki mamlakat yetakchilarining muzokaralar yakunlari jarayonida ma’lum qildilar. Bundan tashqari quvvati 7.5 MVt bo‘lgan Sirdaryo viloyati Sardoba suv omboridagi kichik GES qurilishi loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ayni vaqtda Rossiya Federatsiyasining “Institut Gidroproyekt” AJ va o‘zimizning “Gidroproyekt” AJ tomonidan mazkur loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqilmoqda.
Shu o‘rinda bugungi kungacha jamiyat tomonidan “Rusgidro” AJga 30 dan ortiq mutaxassilar malaka oshirib qaytganligini alohida aytish mumkin.
Uchrashuv davomida mamlakat yetakchilari energetika sohasida amalga oshirilayotgan loyiha va dasturlar hajmini bir necha barobar ko‘paytirish va o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan kelishib oldilar.
Do‘stona muhitda olib borilgan muzokaralarning konstruktiv ruhi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda katta miqyosdagi ikki taraflama hamkorlikni kengaytirish hamda chuqurlashtirish omili bo‘lishi shubhasiz.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy
Majlisi Senati a’zosi, senator A.SANGINOV