...
24.05.2024
158 marta o'qildi

Shuni alohida ta’kidlash joyizki, jamiyat bilan davlat o‘rtasidagi aloqalar ularning insonga bo‘lgan munosabati orqali baholanadi. Tarixdan yaxshi ma’lumki, insonga munosabat har doim ham bir maromda, bir tekis bo‘lmaydi. Bu tabiat qonunidir. Ular faqat fuqarolik jamiyati va huquqiy davlatdagina uyg‘unlik kasb etadi. Shu ma’noda, yurtimizda davlatni jamiyatga, xalqqa xizmat qiluvchi institutga aylantirishga, uning faoliyatini huquq, qonunlar asosiga qurishga qattiq kirishilgan desak xato bo‘lmaydi.

 

Ko‘zatishlarga yuzlansak, dunyodagi aksariyat davlatlarning huquqiy davlat qurish asosi eng avvalo konstitutsiyaga tayanadi. Biz e’tiqod qilgan muqaddas manbalarda jamiki dunyoviy ne’matlar orasida eng ulug‘i – inson deyilgan. Shu nuqtai nazardan fuqaro – jamiyat – davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatning oqilona va adolatli huquqiy yechimi konstitutsiyadir deyishimizga asos mavjud. Bejizga u “tuzish”, “tuzik”, “nizom”, “tuzilish”, “yaratish” degan tushunchalarni anglatmaydi. Buning ma’nosi shuki, fuqaro – jamiyat – davlat birgalikda inoq yashaydigan makon tuzish, anashu makonda inson ulug‘lanadigan zamon yaratish, ya’ni inson, makon va zamon o‘zaro ma’lum qoidalar asosida munosabatda bo‘ladi.

 

Shunday ezgu maqsadni ko‘zlagan O‘zbekston Respublikasi Konstitutsiyasiing muqaddimasida ham inson huquqlariga va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqligini tantanali ravishda e’lon qilib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatini anglagan holda, o‘zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanib, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqatini namoyon qilib, xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga intilib, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko‘zlab, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasining mazkur Konstitutsiyasini qabul qiladi deb qayd etilgani chuqur ma’noga ega.

 

Konstitutsiyamizga tayangan holda olib borilgan islohotlar “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” tasdiqlash to‘g‘risidagi Farmonda mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlatimiz chegaralari daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini ta’minlash uchun muhim poydevor bo‘ldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

 

Albatta bu amalga oshirilgan islohotlar borasida berilgan haqli e’tirofdir. Ta’kidlanganidek, shu bilan birga zamon shiddat bilan ilgarilamoqda bugungi kunda jahon bozori konyunkturasi keskin o‘zgarib, globallashuv sharoitida raqobat tobora kuchayib borayotgani davlatimizni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarishni taqozo etmoqda. Olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish, bugunning dolzarb masalalarni har tomonlama o‘rganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyoti va ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish, shuningdek keng jamoatchilik fikriga ham tayanishga dahldor qarashlarni yuzaga keltiradi.

 

Zero mazkur zaruratni Gegel “Huquq falsafasi” asarida “fuqarolik jamiyatining tabiati shundayki, unda har bir alohida insonning huquqi davlatning shaxsiy huquqiga aylangan bo‘lib, unda davlat o‘zining zimmasiga mening huquqlarimni xuddi o‘zining hu­quqlaridek himoya qilish va qaror toptirish majburiyatini oladi” deb ta’kidlagan edi.

 

Tan olib aytish kerakki, konstitutsiyamiz va harakatlar strategiyasi yurtimizda aynnan Gegel aytgan insonning huquqini davlatning shaxsiy huquqiga aylantirishga qaratilgan shunday insonparvarlik tamoyiliga asolangan hujjatlardir. 

 

Endi ushbu hujjatlarning o‘ziga xos umumiy ahamiyatga ega jihatlarini o‘zaro taqqoslash haqida ayrim fikrlarni o‘rtaga tashlasak.

 

Bu boradagi fikrlarimizni shartli ravishda uchta bandga ajratgan holda ifodalashga harakat qilamiz.

 

Birinchidan, Harakatlar strategiyasining tuzilishi (strukturasi) konstitutsiyamizga monand ishlab chiqilgan deyish mumkin. Ya’ni, konstitutsiyamiz muqadimma va 6 ta bo‘limdan iborat. Oltinchi bo‘limda konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish tartibi belgilangannini e’tiboga olsak asosiy normalar 5 ta bo‘limda belgilab berilgan. Harakatlar stratigesi esa uni tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonda bayon etilgan muqaddimadan hamda asosiy yo‘nalishlarga ajratilgan 5 ta bo‘limdan iborat.

 

“Nega Harakatlar strategiyasi aynan konstitutsiyamizga ham shaklan ham mazmun tuzilishi jihatidan hamohang tarzda yaratildi? Ushbu har ikki hujjatni bog‘lovchi yagona konseptual g‘oyada urg‘u nimagan qaratilgan?” - degan xaqli savollar bo‘lishi tabiiy. Ushbu savollarni javobi bittadir. Bu ham bo‘lsa, har ikki hujjatning ham tag zamirida demokratik qadriyatlarga ustivorlik berilganligi, inson huquqlarini ta’minlash oliy qadriyatligi tamoyiliga tayanishligi, hokimiyatning manbai esa faqatgina xalq ekanligi e’tirof etilgan. Konstitutsiyada anashu tamoyillar konseptual jixatdan belgilab berilgan bo‘lsa, Harakatlar strategiyasida shu tamoyillar - konseptual normalari ijrosini ta’minlash izchil mexanizimi belgilab berilgan.

 

Ushbu mexanizmlar esa, yuqorida qayd etilgan Farmonda ko‘rsatib o‘tilganidek, har yillgi davlat Dasturlari asosida takomillashib boraveradi.

 

Ikkinchidan, Harakatlar strategiyasi konstitutsiyamizda belgilangan normalarni ijrosini ta’minlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir. Masalan, Harakatlar strategiyasining birinchi yo‘nalishi 1.1 - bandi “Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlis, siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish” deb nomlangan bo‘lib, ushbu bandda belgilangan vazifalar konstitutsiyamizning Oliy Majlis deb nomlanuvchi 18-bobida belgilangan normalari  hamda Siyosiy huquqlarga dahldor asosiy qonunimizning 34, 60 – moddalari va shu sohaga dahldor boshqa normalarni ham hayotga keng tadbiq etishga qaratilgandir.

 

Harakatlar strategiyasining ushbu birinchi yo‘nalishidagi davlat boshqaruvi va jamoatchilik boshqaruvi tizimini (1.2.–1.3-bandlar.) takomillashtirish xususidagi vazifalar konstitutsiyasidagi aynan xalq hokimiyatchiligi, xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekani, xalq manfaatlarini ko‘zlab xarakat qilish, davlat va jamiyat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etilishi, xalqining davlat va jamiyat hayotini boshqarishdagi ishtiroki, xalq hokimiyatchiligi  degan tamoyillarni hamda  jamoatchilik nazoratini amalga oirish bilan bog‘liq konstitutsiyaviy huquqlarni ruyobga chiqarish mexanizimini rivojlantirishni amalda ijrosini ta’minlashni nazarda tutadi.

 

Huddi shu kabi, Harakatlar strategiyasining  Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari deb nomlangan ikkinchi yo‘nalishning 2.2. - bandidagi fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan vazifalar esa, konstitutsiyamizning uchinchi bo‘limida belgilab qo‘yilgan fuqaroning, insonning shaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa huquqlarini  amalda davlat va sud hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ta’minlash kafolatlarini, bu borada eng ilg‘or demokratik davlatlar qatoriga chiqishni maqsad qiladi.

 

Agar shu tarzda tahlil etasak, Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy yo‘nalish va vazifalarning barchasi konstitutsiyamizda belgilab berilgan demokratiya va insonparvarlik, xalqchillikka sug‘orilgan hamda yuqori turuvchi kuchga ega normalarni izchil tadbiq etishga qaratilgan desak to‘g‘ri bo‘ladi.

 

Uchinchidan, bugun inson – jamiyat – davlat munosabatlarida mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ro‘yobga chiqarish maqsadida amalga kiritilgan Harakatlar strategiyasi asosiy qonunimizni takomilashtirishga zarurat hozirlaydi. Negaki harakatlar strategiyasi “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqga xizmat qilish kerak” degan tamoyil asosiga qo‘rilgan. Shunday ekan Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan islohotlarni amalga oshirish jarayoni konstitutsiyamizing ayrim normalarini keng jamoatchilik fikri va bu sohada ilg‘or davlatlar tajribasi asosida takomillashtirib, sayqallab borishni, shunigdek konstitutsiyaga ba’zi yangi normalarni kiritishni taqozo etishi tabiiydir. Gapimizning isbotini esa birgina, Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalar doirasida konstitutsiyamizning O‘zbekiston Respublikasining sud hokimiyati deb nomlanuvchi 22-bobiga tuzatish kiritishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 31-maydagi hamda 2017-yil 6-apreldagi qonunlarining misolida ham ko‘rish mumkin.

 

Demakki, bir so‘z bilan aytganda konstitutsiyamizdan sug‘orilgan Harakatlar strategiyasi asosiy qonunimizning jahondagi eng ilg‘or demokratik, xalqchil konstitutsiyalar qatoridan munosib va mustahkam o‘rin egalashiga asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

 

Xulosa esa, ushbu har ikki hujjatlar inson manfaati, uning huquqlari va erkinliklari ta’minlovchi qomus hamda xalqning munosib xayot kechirishi uchun mos sharoitlar yaratishni oliy maqsad qilgan hujjatlar sifatida tarixga kiradi.

 

Nuriddin Murodov

Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudi raisi



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?