...
21.05.2024
157 marta o'qildi

Ma’naviyati nuqsonli bo‘lgan kishi borki, xatti-harakati oqibatini o‘ylamay ish qilib, jinoyatchi, degan tamg‘ani orttirib oladi. Bugun e’tiboringizga havola etilayotgan jinoyat tafsiloti ishtirokchi ham bir umidvor mushtipar oilaning boshlig‘i, bir nafar voyaga yetmagan farzandning otasi.

 

Afsuski, jinoyat yo‘lini tanlagan yigit jismonan sog‘lom, tog‘ni ursa talqon qiladigan yoshda. Biroq, u og‘irning ustidan, yengilning ostidan o‘tishni afzal ko‘rgan odam.

 

Sudning hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Alimov Ilxom Turabovich (ismi sharifi o‘zgartirilgan) o‘g‘rilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda uy-joy, omborxona yoki boshqa xonaga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilish maqsadida, 2023-yil 26-noyabr kuni soat 10-00 larda Sariosiyo tumani “Humoyun” mahallasida yashovchi fuqaro X.Boboyevaning (ismi sharifi o‘zgartirilgan) yashash uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, unga tegishli bo‘lgan 500.000 (besh yuz) ming so‘m pullarini yashirin ravishda o‘g‘irlab ketgan.

 

Bundan tashqari, Alimov Ilxom Turabovich yuqoridagi jinoiy harakatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilmay qolganligidan foydalanib, o‘zining jinoiy harakatlarini qasddan takroran davom ettirib, o‘g‘irlik ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida 2023-yil 12-dekabr kuni soat 06-00 larda Sariosiyo tumani “Humoyun” mahallasida yashovchi fuqaro Z.Saidovani (ismi sharifi o‘zgartirilgan) yashash uyiga yashirin ravishda g‘ayriqonuniy ravishda kirib, bozor bahosi 2.000.000 (ikki million) so‘mlik 5 gramm bo‘lgan bir dona tilla uzuk, 700.000 (yetti yuz ming) so‘mlik bir dona “Fley” rusumli telefon apparati va 3.000.000 (uch million) so‘m pullarni yashirin ravishda o‘g‘irlab ketib jabrlanuvchi Z.Saidovaga jami 5.700.000 (besh million yetti yuz ming) so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazgan.

 

Shuningdek, sudlanuvchi Alimov Ilxom Turabovich yuqoridagi jinoiy harakatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilmay qolganligidan foydalanib, o‘zining jinoiy harakatlarini qasddan takroran davom ettirib, o‘g‘rilik ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-taroj qilib, boylik orttirish maqsadida, 2023-yil 24-dekabr kuni soat 11-40 larda Sariosiyo tumani “Humoyun” mahallasida yashovchi fuqaro B.Xalilovaning yashash uyida biror-bir kishi yo‘qligini bilib yashirin ravishda g‘ayriqonuniy tarzda kirib unga tegishli bo‘lgan narsa va buyumlarni o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan vaqtida xonadon egasi B.Xalilova sezib qolib, bu haqda qarindoshlariga xabar berib, I.Almovni hodisa sodir bo‘lgan joyda ushlashganligi natijasida, I.Xalimov o‘zining jinoiy harakatlarini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda oxiriga yetkaza olmagan.

 

Sudda sudlangan Alimov Ilxom Turabovich aybiga to‘liq iqror va pushaymonlik bildirib suddan qonuniy yengillik berishni so‘ragan.

 

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Sariosiyo tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, ish hujjatlari atroflicha o‘rganilib, sudning 2024-yil 26-mart kunidagi hukmiga ko‘ra, Alimov Ilxom Turabovichga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan JKning 57-moddasini qo‘llab, 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 25-, 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan JKning 57-moddasini qo‘llab 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, JKning 59-moddasi tartibida uzil-kesil 2 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasi 4-qismida, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi;

 

O‘zbekiston Respublikasi JKning 8-moddasida, jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi odilona bo‘lishi, ya’ni jinoyatning og‘ir-yengilligiga, aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerakligi;

 

JKning 42-moddasida jazo mahkumni axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatini davom ettirishga to‘sqinlik qilish hamda mahkum, shuningdek boshqa shaxslar yangi jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida qo‘llanilishi;

 

ushbu Kodeksning 54-moddasi 2-qismida, sud jazo tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, qilmishning sababini, yetkazilgan zararning xususiyati va miqdorini, aybdorning shaxsni hamda jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni hisobga olishi lozimligi qayd qilingan.

 

Jinoyat ishi Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida sudlangan I.Alimovning apellyatsiya tartibidagi shikoyatiga asosan 2024-yil may oyining 2-kuni ko‘rib chiqilib, birinchi bosqich sudi sudlanuvchi A.Xalilovning jinoiy harakatini to‘g‘ri kvalifikatsiya qilib, unga nisbatan jazo turi va miqdorini belgilashda, yuqoridagi qonun talablari va  O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi 1-sonli qarorining 3-bandidagi, “Jinoyat kodeksining 8,54-moddalari mazmuniga ko‘ra, jazo adolatli bo‘lishi, har bir holatda individual tayinlanishi, jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga, aybdorning shaxsiga, shuningdek jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlariga muvofiq bo‘lishi kerak”ligi haqidagi tushuntirishlariga rioya etgan holda, jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni, aybiga iqrorligini, jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligini, yoshligini inobatga olib, JKning 57-moddasini qo‘llab, moddalar sansiyasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosidan ham kamroq ozodlikdan mahrum qilish jazosi miqdorini tayinlab, qonuniy va adolatli to‘xtamga kelganligi sababli, jinoyat ishlari bo‘yicha Sariosiyo tuman sudining 2024-yil 26-mart kunidagi hukmi o‘zgarishsiz, shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

 

Xalqimizda “Sayoq yursang tayoq yeysan” degan dono bir hikmat bor.

 

Mana ko‘za kunda emas, kunida sinadigan kun keldi. Qonunning qo‘li uzun, nigohlari o‘tkir. Uning nazaridan, qat’iy talabidan, qolaversa, jazodan qochib qutulib bo‘lmaydi.

 

Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha
sudlov hay’ati sudyasi J.Xudoyberdiyev

 

JIB Sariosiyo tuman sudining raisi I.Ergashev



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?