Assalomu-alaykum hurmatli askar va serjantlar, ofiserlar, aziz yurtdoshlar!
Bugun “14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni” hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yillik muhim tarixiy sana bilan barchangizni samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysizlar!
Hammamiz yaxshi bilamizki, istiqlolning ilk yillaridanoq mamlakatimiz mudofaasini kuchaytirish masalasi davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olindi. Birinchi prezidentimiz I.A.Karimov tomonidan 1991 yil 6 sentyabrda Mudofaa vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi Farmoni bilan bu boradagi ishlarga tamal toshi qo‘yildi. 1992 yil 14 yanvar kuni esa mustaqil davlatimiz tarixida yana bir muhim tadbirga qo‘l urildi - Respublika Oliy Kengashining “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida”gi qarori bilan mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy tuzilmalar mustaqil O‘zbekiston tasarrufiga o‘tkazildi. 1993 yilning 29 dekabrida 14-yanvar yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni” deb e’lon qilindi.
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari o‘tgan tarixan qisqa davrda murakkab shakllanish yo‘lini bosib o‘tdi va bugungi kunda son jihatdan ixcham, harakatchan, zamonaviy talablarga javob beradigan, yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lgan armiya sifatida o‘zini namoyon etmoqda.
Bugungi kunga kelib ushbu qutlug’ sana mamlakatimizda vatanparvarlik, Ona yurtga sadoqat, mardlik va jasurlik kabi ezgu qadriyatlarni, xalqimizga, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislariga xos bo’lgan yuksak fuqarolik fazilatlarini o’zida mujassam etadigan tom ma’nodagi umumxalq bayramiga aylanganligi ta’kidlab o’tildi.
Hozirgi kunda dunyoda oldindan aytish qiyin bo’lgan vaziyat hukm surayotgan murakkab bir sharoitda mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, jamiyatimizda tinchlik va totuvlikni ta’minlash naqadar muhim ahamiyatga ega ekani barchaga ayon. Bu borada, Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirishni ustuvor yo’nalishlardan biri sifatida alohida e’tibor bilan qaralishi bejiz emas. Bugungi kunga kelib, islohotlar natijasida tumanimiz hayotining boshqa tarmoqlari qatori harbiy qurilish sohasida ham ko’pgina eng dolzarb va muhim masalalar bo’yicha aniq chora-tadbir va harakatlar amalga oshirilmoqda. Tumanimizning o’zida ham harbiy xizmatchilarning oila a’zolari uchun qo’shimcha ravishda ko’plab yangi ish o’rinlari yaratildi. Tabdirkorlik bilan shug’ullanish istagida bo’lgan xizmatchilarning yaqinlariga bank kreditlari taqdim etildi. Xizmat o’tayotgan askar va zobitlarning oila a’zolari uchun turarjoylar qurilayapti. Mo’jaz shaharchalar bunyod etilayapti.
Armiya faqat qurol va aslaha bilangina kuchli hisoblanmaydi, balki, ona Vatan uchun jonini ayamaydigan harbiylar – askar va ofitserlar, generallar bilan qudratlidir. Buyuk sarkarda Amir Temur bobomiz: “Askarlari botir el qudratli bo’lur”, deganlarida aynan ana shu haqiqatni nazarda tutgan. Bu o’lmas va bebaho o’git hozirgi kunda ham har birimizning qalbimizga cheksiz g’urur baxsh etadi, muqaddas tuprog’imizga sadoqat tuyg’ularini kuchaytiradi.
Hurmatli vatandoshlar!
Mana shunday Vatan oldida o‘zining muqaddas burchini sharaf bilan ado etib, mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatib kelayotgan barcha harbiy xizmatchilarga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman.
Yangi 2023 yilda sizlarga mustahkam sog‘liq, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lidagi olijanob faoliyatingizda yutuq va zafarlar, kuch-g‘ayrat, oilalaringizga baxtu saodat, fayzu baraka yor bo‘lishini tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!