Surxondaryo viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov uchastkalarini tuzish masalasi ko‘rib chiqilib, viloyatda 865 ta saylov uchastkasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, saylov uchastkalarining tartib raqamlari, chegaralari, manzillari ko‘rsatilgan ro‘yxati ham tasdiqlandi.
Saylov uchastkalari uchun aholiga qulay bo‘lgan binolar tanlab olingan bo‘lib, ularning 696 tasi umumta’lim maktablarida, 61 tasi kasb-hunar kollejlari, litsey va texnikumlarda, 27 tasi madaniyat va sport inshootlarida, 17 tasi harbiy qismlarda, 16 tasi tibbiyot va dam olish maskanlari, sanatoriylarda, 8 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlarida hamda 39 tasi boshqa binolarda joylashgan.
Ma’lumot uchun, Saylov kodeksida uchastkalar saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va ko‘pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuzilishi belgilab qo‘yilgan.