Bugun viloyat hokimi Sariosiyo tumanida bo‘lib, aholini qiynab kelayotgan muammolarni joyida o‘rgandi. Dastlab tuman markazidagi dehqon bozori ko‘zdan kechirildi.
Bozordagi tartibsizliklar, ko‘chalarda antisanitariya holatlarida savdogarlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari sotilayotganligi, bozor hududida avtoturargoh tashkil etilmaganligi sababli yo‘nalishli taksilar hamda boshqa transport vositalarining ko‘chalarda to‘xtab harakat xavfsizligini qo‘pol ravishda buzayotganligi tanqid qilindi.
Shu yerning o‘zida viloyat hokimi mas’ullar ishtirokida savdogarlar, xaridorlar va haydovchilar bilan muloqot qildi. Ularning muammolari tinglandi. Tuman mutasaddilariga ko‘chalarda savdo qilayotgan sotuvchilarga bozor ichkarasidagi rastalardan joy ajratish, bozor hududini tartibga keltirish, hududdagi bo‘sh maydondan avtoturargoh tashkil etish bo‘yicha aniq muddatlar bilan vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, tuman markaziy ko‘chasi bo‘ylab yo‘llar, ko‘p qavatli turar-joylar holati ko‘zdan kechirildi. Ushbu manzilda obodonlashtirish ishlari olib borilmaganligi, chiqindilardan tozalanmaganligi, noqonuniy qurilishlar sabab aholi qiyinchiliklarga duch kelayotganligi uchun mas’ullar faoliyati tanqid qilindi. Tuman mutasaddilarga markaziy ko‘chadagi yo‘llar, piyodalar yo‘laklari ta’mirlash, ko‘p qavatli turar-joylarni fasad qismini bo‘yoqlash, zamonaviy ko‘rinishga keltirish, obodonlashtirish va tozalik ishlarini olib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.