Bor yo‘g‘i 65 nafar fuqaro istiqomat qiladigan, 7 xonadondan iborat qishloq borligi haqida eshitganmisiz?
Surxondaryo viloyatining ayrim hududlari borki, u yerga avtomobil bilan yetib borishning imkoni yo‘q. Faqatgina “To‘palang” suv omborini 40 daqiqadan 1 soatgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida maxsus katerlar yordamida kesib borish mumkin.
Xuddi shunday manzillardan biri Sariosiyo tumanidagi moʻjazgina Xushxabar qishlog‘idir. Qishloqqa yetib borish uchun “To‘palang” suv ombori orqali motorli qayiqlarda uzoq yo‘l bosilgach, quruqlikka chiqiladi va u yerdan manzilgacha faqat ot-ulovda yoki yayov boriladi.
Go‘zal tabiat qo‘ynidagi bu go‘sha Hisor tog‘ tizmalarining 4 ming 688 metr balandlikdagi Hazrati Sulton cho‘qqisi etaklarida, Maland, Karch, Vochax kabi tog‘ qishloqlaridan ham yuqorida joylashgan.
Bu yerda 7 xonadonda 65 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Qishloq aholisining asosiy daromad manbai dehqonchilik va chorvachilikdan iborat.