Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar, tumanimiz ahli!
Navro‘z – xalqimizning yaratuvchanlik mehnati bilan bog‘liq, orzu-umidlarini kuylagan, uning turmush tarzi, ma’naviyati, milliy ruhini xalq ijodi usuli va uslublari yordamida tarannum etgan, xalqimizing boy milliy san’atini, urf-odatlarini o‘zida saqlagan bayramdir. Navro‘z – qut-baraka, rizq-ro‘z, rasm-rusumlar, urf-odat va an’analar bayramidir. Navro‘zdan bebahra qoladigan ko‘ngil ko‘ngil emas. Navro‘z bayrami mamlakatimiz xalqini umuminsoniylik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, iymon-e’tiqod, tinchliksevarlik, mehr-shafqatlilik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadigan ma’naviy boyligimiz va buyuk xazinamizdir.
Ushbu ko‘klam nafasi ko‘ngillarimizga beg‘ubor his-tuyg‘ular uyg‘otayotgan ushbu qutlug‘ kunlarda, barchamiz tinch va osoyishta yurtimizning yana bir qadimiy shodiyonasi - Navro‘z umumxalq bayramini ko‘tarinki kayfiyat, shodu xurramlik bilan kutib olmoqdamiz.
Fursatdan foydalanib, Sizlarni, siz orqali barcha tumanimiz ahlini yangilanish va yasharish ayyomi, mehr-oqibat, ezgulik, yaratuvchanlik va go‘zallik ramzi, milliy qadriyatlarimiz timsoli bo‘lgan Navro‘zi olam bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir vatandoshimiz o‘zining huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini tobora chuqur anglab borayotgan Yangi O‘zbekiston sharoitida Navro‘z tom ma’noda umumxalq bayramiga aylanib, ayni kunlarda tumanimizning qishloqlarida, mahalla va ovullarida "Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!" degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ulkan zavq-shavq va ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda.
Qadrli tumandoshlar!
Mana shunday xursandchilik kunlarida, bahoriy kayfiyatda, yangilanish, yosharish va pok niyatlar bayramida yilimiz barchaga barakali kelishini tilab qolaman. Ilohim, barcha maqsadlarimiz, yaxshi niyat va ulkan rejalarimiz ro‘yobga chiqsin! Xonadonlarimizdan tinchlik-xotirjamlik, sog‘lik-omonlik, baxtu-saodat hamda fayzu-baraka arimasin!
Vatanimiz yanada obod, xalqimiz hayoti hamisha farovon bo‘lsin!