Aholini ro‘yxatga olish tartibi, mohiyati va uning istiqbollari.
Har qanday davlatning tarixi – bu, birinchi navbatda, unda yashaydigan xalqning tarixi, aholisining soni va tarkibi, uning iqtisodiy va ijtimoiy tavsiflarida o‘z ifodasini topadi. Aholi soni bo‘yicha aniq va yaxlit ma’lumotlar aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi.
Aholini ro‘yxatga olish yakunlariga qarab o‘tmish va hozirgi davr haqida fikr va mulohazalar yuritish hamda kelajakni prognoz qilish mumkin bo‘ladi.
Qator holatlarda aholini ro‘yxatga olish – aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, ma’lumot darajasi, nikoh holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida ma’lumotlar olishning yagona manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.
Bu tadbirga nafaqat statistika organlari xodimlari, balki respublikaning boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ham aholini ro‘yxatga olish ishlarida bevosita ishtirok etadilar. Jumladan:
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bo‘yicha davlat qo‘mitasi aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan miqdorda kartografik materiallarning (shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejasi, ma’muriy tumanlar xaritasi) tayyorlanishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi aholini ro‘yxatga olish varaqalarini va boshqa hujjatlarni saqlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi, shuningdek, aholini ro‘yxatga olishning yig‘ma hujjatlarini qayta ishlangandan so‘ng doimiy saqlanishini yuritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi quyidagilarni amalga oshiradi:
aholini ro‘yxatga olishga jalb etilgan shaxslarning to‘liq xavfsizligi va ro‘yxatga olish materiallarining saqlanishini ta’minlaydi;
ro‘yxatga olishni o‘tkazish davrida aholini ro‘yxatga olish organlarining binolari va yuklarini qo‘riqlashni amalga oshiradi;
aholini ro‘yxatga olish organlari bilan birgalikda, ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun zarur ma’lumotlarni berishdan bosh tortgan yoki korxona va tashkilot hududiga kiritishga to‘sqinlik qilgan shaxslarga nisbatan ma’muriy ta’sir choralari ko‘rishi mumkin.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tumanlar (shaharlar) hokimliklari zimmalariga ham bir qator vazifalar yuklatilgan bo‘lib, ular quyidagilarni amalga oshiradilar:
ro‘yxatga olish tadbiriga jalb etilgan shaxslarning o‘qishi va ishlashi uchun yaroqli bo‘lgan mebellar va aloqa vositalari bilan jihozlangan vaqtinchalik binolar hamda aholini ro‘yxatga olish varaqalari va boshqa hujjatlarni vaqtinchalik saqlash uchun qo‘riqlanadigan binolar ajratadi;
aholini ro‘yxatga olish uchastkalarini zarur transport va aloqa vositalari bilan ta’minlaydi;
davlat kadastri va davlat statistika organlari bilan birgalikda, doimiy yashovchi aholi sonini ko‘rsatgan holda aholi punktlarining to‘liq ro‘yxatini tuzadilar.
Aholini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha alohida ishlar jalb etilgan pudrat tashkilotlari tomonidan mahsulotlar va xizmatlar sotib olish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov asosida bajariladi, ya’ni: aholi o‘rtasida axborot-tushuntirish ishlarini o‘tkazish; kartografik materiallarni chop etish; ro‘yxatga olish materiallarini chop etish; moddiy-texnik ta’minlash; ro‘yxatga olish materiallarini tashish; texnologik-loyiha ishlarini o‘tkazish va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish; ro‘yxatga olish varaqalari ma’lumotlarini kiritish, avtomatlashtirilgan holda qayta ishlash va boshqalar.
Aholini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishga ko‘maklashish uchun zarur hollarda qo‘shimcha ravishda boshqa vazirliklar, idoralar, tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslar jalb etilishi mumkin.
Xo‘sh, respublikamizda aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish bizga nima beradi?
Birinchidan, ma’lum bir sanada aholining aniq soni (yoshi va jinsi tarkibi, fuqaroligi, milliy tarkibi (keng qamrovli), barcha aholi punktlari bo‘yicha soni, oilaviy ahvoli, ma’lumot darajasi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, iqtisodiy faol aholi, aholi bandligi (kasbi va mutaxassisligi) va ishsizligi, daromad olish manbalari, nogironligi bo‘yicha batafsil ma’lumot olinadi.
Ikkinchidan, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblashda (yalpi ichki mahsulot, aholi daromadlari, sanoat mahsuloti hajmi, iste’mol mahsulotlari hajmi, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari) ishlatiladi.
Uchinchidan, aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi.
To‘rtinchidan, Respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot sifatida foydalaniladi.
Beshinchidan, statistika idoralari tomonidan tashkil etiladigan tanlama kuzatuvlarni tashkil etishda ma’lumotlar bazasi sifatida qo‘llaniladi.
Oltinchidan, Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritishda xizmat qiladi.
Yettinchidan, aholi punktlarining infratuzulmasini yaxshilashda, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta
va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda foydalaniladi.
Sakkizinchidan, Xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tomonidan amalga oshiriladigan tahlillar uchun keng qamrovli axborotlar manbai hisoblanadi.
Bunday ma’lumotlar ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni prognoz qilish, bandlik sohasidagi siyosatni belgilash, ijtimoiy siyosat va aholi salomatligi bo‘yicha dasturlarni yaratishda, shuningdek davlat hokimiyati organlarining vazifalarini bajarishi, fan va jamiyatni axborot bilan ta’minlash uchun zarurdir.
Sariosiyo tuman statistika bo‘limi