Braziliyada bo‘lib o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi FIDE jahon chempionatining 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi bahslarida hamyurtimiz Afruza Hamdamova muddatidan oldin chempionlikni qo‘lga kiritdi!
U 10 ta partiyada 9,5 ochko to‘pladi (9 ta g‘alaba, 1 durang) va endi oxirgi turda qanday natija ko‘rsatishidan qat’iy nazar, birorta raqibi unga yeta olmaydi.
Afruza o‘tgan yilgi FIDE jahon chempionatida 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar orasida ham muddatidan oldin g‘oliblikni qo‘lga kiritgandi va jahon chempioniga aylangan O‘zbekistondagi ilk ayol shaxmatchi bo‘lgandi.
Ma'lumot uchun, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida tug‘ilgan Afruza Hamdamova hozirda Samarqand shahrida istiqomat qiladi.