Sariosiyo tumani hokimligi-SENGA TALPINAMAN, SARIOSIYO!
...
30.01.2024
144 marta o'qildi

SENGA TALPINAMAN, SARIOSIYO!

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Axtamquli, hozirda O‘zbekiston Respublikasi bolalar va o‘smirlar nashri  «Tong yulduzi» gazetasida  bo‘lim muharriri bo‘lib ishlaydi.

Axtamquli 1964-yilning 20-martida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi Shotiro‘d qishlog‘ida dehqon oilasida tavallud topgan. Qishloq xo‘jalik sohasining agronomiya hamda O‘zbekiston Milliy universitetidagi Oliy adabiyot kursida tahsil olgan.

O‘n besh yil xo‘jalikning Bosh hosiloti lavozimida ishlagan. Bolalikdan adabiyotga bo‘lgan qiziqish uni ijod olami sari undadi. Hayot maktabini o‘tagan Axtamquli  2005-2007-yillarda Milliy universitetda ko‘plab ustozlardan saboq olib, o‘zining aruz vaznida yozilgan g‘azallari bilan elning olqishini oldi. 2008-yilda O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning nazariga tushib,  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘ldi. Shoirning nazmiy va nasriy asarlari adabiyotimizning zabardast olimlari tomonidan e’tirof etildi. Adabiyotshunos olimlar Yoqubjon Ishoqov, Abdug‘afur Rasulov, Bahodir Karim, Uzoq Jo‘raqulov, Yusufjon Hamdamov, Bolta Yoriyevlar o‘zlarining Respublika nashrlarida chop etilgan maqolalarida shoir ijodiga yuksak baho berishdi. Axtamquli “Bodomginam” (2003), “Qorachiqda asraganimsan” (2005), “Bahorimdan kechikkan gul” (2007), “Qirq g‘azal” (2009), “Boshimda osmon aylanar” (2014), “Qarog‘imda gullaydi Vatan” (2016), “Co‘z chamani” (2020), “Ismingni yurakka yashirdim” (2021) nomli she’riy hamda “Ibratli hayot” (2005), “Baxt izlagan odam” (2007), “Yakkabog‘da ulg‘aygan chinor” (2013) nomli biografik qissalari va “Tog‘lar ham qariydi” (2012), “Lolazorim Shotiro‘d” (2020) nomli hikoyalar to‘plami muallifidir. Uning asarlarida ko‘ngil kuyining sehrli navosi, purviqor cho‘qqilar saxovati, dil yozgan bog‘lar shiviri, ayqirib oqayotgan daryolarning ohanglaridan rang olgan sirli baytlarida, Axtamqulining sog‘inchu armonlariga qorishiq bo‘lgan tengsiz Vatan ishqi o‘z aksini topgan. Borliqning betakror jilosi uzra, yoshlikning beg‘ubor onlarini zabt etgan muhabbatning nurli olami aro kezgan o‘quvchi, dunyo beshigini tebratgan munis ona allasi og‘ushida mast bo‘ladi. Navoiyshunos katta olim Yoqubjon Ishoqov o‘zining “So‘z san’ati so‘zligi” nomli kitobining 291 betida: “Zamonaviy g‘azalnavislikning yangi bosqichi Erkin Vohidov, Jamol Kamol, Axtamquli singari shoirlar ijodiyoti bilan bog‘liq...” deb yozadi. Ayniqsa xushovoz xonanda Malika Egamberdiyeva shoirning “Shukur qil” she’ri bilan ko‘plab qalblarga kirib bordi. O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Namozovning  “Ona”,  Musaxon Nurmatovning “Vatan”,  Zokirjon Olimovning “Har kimni o‘z dunyosi bor”, Alisher Fayzning “Yurtim gulu gulzori” Asliddin Do‘stovning  “Yurak qoni ketmoqdadir” kabi yuzlab qo‘shiqlari elning dilidan joy olgan. Filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karim o‘z maqolasida: “Axtamquli bugungi adabiy  jarayonda eng faol  ijodkorlardan biridir. U  davralarda o‘zining guldiragan g‘azallari bilan  elning tengsiz  olqishini olmoqda. Bilib takror aytaman – Axtamquli adabiy jarayonga nisbatan kech aralashdi. Ammo shoirlik talanti, so‘zlarning tarovati, go‘yo tog‘ daralari oralab kelayotgan gumbirlagan ovozi, eng muhimi – tinimsiz izlanishlari bilan adabiy jamoatchilik orasida tezda shuhrat qozondi” deb yozadi.  Oynai jahon hamda radioda uning she’rlari doimiy berib borilmoqda. Sрe’rlari turk va tojik tillariga tarjima qilingan. Uning yuzlab shogirdlari bugun elning e’tirofidadir.

Axtamqulining bu yorug‘ olamdagi asosiy maqsadi yoshlarga Vatanning bebaho tuprog‘ini qaldirg‘och kabi ko‘z-ko‘z etib,  sevishga undashdir.

              Bu dunyoga faryod solib kelgan kunim,

              Volidamning quchog‘ida to‘lgan kunim.

              Kaftga olib yugurganman tuprog‘ingni,

              Ona zamin, senga oshiq bo‘lgan kunim.

 

              Shodligimdan sig‘may ketdim bu olamga,

              Yurtim, sening ozodliging ko‘rgan kunim!

              Bolarilar dars  berishdi ogohlikdan,

              Gulzorlarda gul oralab yurgan kunim.

 

              Bu tuproqni bildim qancha azizligin,

              Qaldirg‘ochlar oshyonini ko‘rgan kunim.

              Gullaringni quchog‘imga bosib o‘pdim,

              Dilda ishqning qo‘rg‘onini qurgan kunim.

 

              Qog‘oz, sening tinchligingni buzdim, uzr,

              Sarxush edim she’r zavqida to‘lgan kunim.

              Tog‘u toshlar ko‘zlarimga singib ketdi,

              Vatan, sendan judo bo‘lsam –  o‘lgan kunim. 



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?