Sariosiyo tumani hokimligi-SENGA TALPINAMAN…
...
30.01.2024
89 marta o'qildi

MENING UNIB-ULG‘AYGAN JOYIM

Sariosiyo tumanining Shotiro‘d qishlog‘ida tug‘ilganman. Otam Abdusattor Karimov oddiy dehqon bo‘lib, umrining qirq yetti yilini dalalarga baxsh etgan,  dostonxon odam edi. Onamiz Chamangul Gulmurod bobo qizi esa o‘n ikki farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan qahramon ona. Oilamiz sobiq tuzumning achchiq  qismatini boshidan kechirgan. Bobom Karim mergan el ichida shoir degan nom olgan edi. Menga ijodga bo‘lgan ishtiyoq, bobom hamda otamdan ko‘chgan bo‘lsa ajabmas. Umrimning gurillagan damlari dalalar bag‘rida kechdi. Bugun esa she’r ishqida yonib yuribman. Umr yo‘ldoshim Salimaxon bilan baxtli hayot kechirib yuribmiz. Beshta farzandni  voyaga yetkazdik. Hammasi o‘z yo‘li va baxtini topib yuribdi. O‘n besh nafar nabiramiz bor. Bundan-da ulug‘ baxt yo‘q dunyoda.

SENGA TALPINAMAN…

Mening dashtu dalam boboqirlarim,

Piryaxtog‘  bag‘rida qolgan sirlarim,

Yo‘limga ko‘z tikkan unsiz pirlarim,

Quyosh sochqilaydi boshimga ziyo,

Senga talpinaman, Sariosiyo!

 

Hayronbog‘, hayratda qolgan daralar,

Sukunat sadosi ko‘kka taralar,

Jismimni kuydirar eski yaralar,

Otamning qalbida yangragan duo,

Senga talpinaman, Sariosiyo!

 

Javobi qiynagan savollar bilan,

Ko‘nglimni o‘rtagan xayollar bilan,

Bog‘larda uvlagan shamollar bilan,

Qumrilar,  qumriga qilar iltijo,

Senga talpinaman, Sariosiyo!

 

Umrim poyoniga sochilgay sog‘inch,

Yurakda gul bo‘lib ochilgay sog‘inch,

Qog‘ozga sel bo‘lib yog‘ilgay sog‘inch,

G‘ichirlab aylanar ko‘hna osiyo,

Senga talpinaman, Sariosiyo!

 

Olqishlay qirlarni onamdek suyib,

Qaynagan tuproqning taftidan to‘yib,

Boshimni xarsanglar kaftiga qo‘yib,

Uxlasam chaqaloq singari go‘yo,

Dunyoning go‘zali,  Sariosiyo!     

Axtamquli

 



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?