Sariosiyo tumanida bugun, 30-avgust kuni yangidan barpo etilgan “Zarchob-1a” kichik GES ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tantanali marosimda Sariosiyo tuman hokimi Abduqodir Donayev, sektor rahbarlari, tuman hokimining o‘rinbosarlari, soha mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Quvvati 3,0 MVt bo‘lgan “Zarchob-1a kichik GES” Prezidentimizning tashabbuslari bilan qurilib, foydalanishga topshirildi.
GES uchun zaruriy texnologik qurilmalar Xitoyning yetakchi kompaniyasi "ZHEJIANG JINLUN ELECTROMECHANIC” CoLTD tomonidan yetkazib berilib, asbob-uskunalar hamda gidroagregatlar mazkur kompaniya xodimlari hamda mahalliy mutaxassislar tomonidan birgalikda montaj ishlari olib borildi.
Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu resurslar tabiiy va qayta tiklanuvchan hisoblanib, mamlakatimiz energetika sohasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi. GESlar tomonidan ekologiyaga hech qanday zarar yetkazmagan holda, barqaror energiya ishlab chiqarilib, viloyat sanoat korxonalari, turli idoralar va mahalliy aholiga yetkazib beriladi.
Mazkur loyihani ishga tushirilishi natijasida Surxondaryo viloyatining elektr energiyaga bo‘lgan talabining muayyan qismini, sanoat va iqtisodiyot korxonalarini gidroenergiya hisobidan ta’minlash imkoni vujudga keladi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning noyabr oyida quvvati 37,4 MVt bo‘lgan “Zarchob-1” kichik GES foydalanishga topshirilgan.