Shu kunlarda Sariosiyoda tumanida ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Mavjud 74 ta saylov uchastkasi uchun aholi vakillariga qulay bo‘lgan binolar tanlab olingan bo‘lib, ularning 63 tasi umumta’lim maktablarida, 5 tasi kollejlarda, 1 tasi oliy o‘quv yurtida, 1 tasi tibbiy muassasada, 1 tasi harbiy qismda, 3 tasi madaniyat inshootlarida joylashgan.
Hozirda saylov uchastkalari to‘liq shay holatga keltirildi. Ular saylov qonunchiligida belgilangan talablar asosida jihozlanib, zarur texnika vositalari - telefon, nusxa ko‘chirish apparati, internet tarmog‘i va tegishli adabiyotlar bilan ta’minlangan. Saylovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Saylov uchastkasiga biriktirilgan xodimlarning saylov qonunchiligiga oid bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv-seminarlar tashkil etildi. Saylov uchastkalarining tashkiliy jihatdan tayyorgarligi muntazam o‘rganilib borilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Sariosiyoda tumanidagi bu sa’y-harakatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini konstitutsiyaviy qoidalar hamda xalqaro saylov andozalari, demokratik tamoyillar asosida ochiq-oshkora o‘tkazishga qaratilgan.