Sariosiyo tumani hokimligi-Sariosiyo tumani hokimi Donayev Abduqodir Haydarovichning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi bayrami munosabati bilan TABRIGI
...
31.08.2024
78 marta o'qildi

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Muhtaram otaxon va onaxonlar!

Yurtimiz kelajagi bo‘lgan yoshlar!

Hurmatli mehmonlar!

 

Bundan roppa-rosa o‘ttiz uch muqaddam O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qildi. O‘tgan davrda biz qancha sinovlarni boshimizdan o‘tkazdik, ko‘plab qiyinchilik va mashaqqatlarni birgalikda yengdik.

 

O‘ttiz uch yil avval tug‘ilgan go‘dak bugun o‘zining mustaqil fikri, dunyoqarashi, orzu-istaklari va maqsadlariga ega shaxs sifatida voyaga yetdi. Xuddi shu singari, bugungi O‘zbekiston ham, o‘tgan davrda turli sinovlarda toblanib, tajriba orttirib, o‘zining aniq maqsadi va yo‘li, pozitsiyasiga ega bo‘lgan katta davlat sifatida shakllandi.

 

Bu – butun xalqimizning tarixiy yutug‘i. Unda har biringizning munosib hissangiz bor!

 

Siz, azizlarning Vatanga mehr va sadoqat bilan qilayotgan har kunlik mehnatingiz O‘zbekiston mustaqilligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, Istiqlol bayrami – barchamizning bayramimiz, mustaqil O‘zbekiston – barchamizning faxrimiz, iftixorimiz, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

 

Mana shu shukuhli damlarda har qanday sharoitda ham o‘z kasbiga sodiq qolib, yosh avlodimizga ilm-fan asoslarini o‘rgatib kelayotgan

 

-hurmatli muallim va murabbiylarni,

 

-xalq salomatligi yo‘lida o‘zini ayamasdan xizmat qilayotgan jonkuyar shifokorlarni,

 

-el-yurt dasturxonini yanada to‘kin qilish uchun dalalarimizda fidokorona mehnat qilayotgan mirishkor dehqon va fermerlarimizni,

 

-ona yurtimiz qalqonlari bo‘lgan jasur harbiylarimizni,

 

-iqtisodiyotimiz rivoji, xalqimiz farovonligini oshirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan tadbirkorlarimizni,

 

-o‘zining dastlabki yutuqlari bilan barchamizni xursand qilayotgan azmu shijoatli yoshlarimizni,

 

-qalb to‘la mehri, ulug‘ fazilatlari bilan xonadonlarimiz ustuni bo‘lib kelayotgan hurmatli opa-singillarimizni,

 

-har bir ishda duogo‘y bo‘lib, bizga Yaratgandan kuch va madad tilab turgan muhtaram otaxon va onaxonlarimizni,

 

-dunyoning qaysi o‘lkasida bo‘lsa ham, O‘zbekiston sog‘inchi bilan yashayotgan aziz vatandoshlarimizni,

 

-bir so‘z bilan aytganda, 37 millionlik butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

 

Istiqlol ayyomi barchamizga muborak bo‘lsin!

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

 

2024 yil Sariosiyoliklar uchun qut-barakali yil bo‘lmoqda.

 

Qishloq xo‘jaligi, jumladan g‘alla, pilla, meva-sabzavot, bog‘dorchilik va chorvachilikda yuqori natijalarga erishildi. Paxta hosilini ham nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish va yuqori hosildorlikka erishish choralari ko‘riladi.

 

Sariosiyolik yoshlarimiz viloyat fan olimpiadalarida 3 yil davomida birinchilikni qo‘lga kiritib kelmoqda. Respublika fan olimpiasida ham Sariosiyolik yoshlarimiz yutuqni qo‘lga kiritdi.

 

Oliy o‘quv yurtiga davlat granti va kontrakt asosida o‘qishga kirish bo‘yicha tumanimiz yoshlari viloyatda Termiz shahridan keyin 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Reyting bali to‘plash bo‘yicha 3-o‘rinni qo‘lga kiritdik.

 

Sport sohasida ham tumanimiz yoshlari ko‘plab natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Tumanimizda amalda 2 nafar olimpiada chempionlari,10 nafardan ortiq jahon chempionlari faoliyat ko‘rsatishi bizda g‘urur va faxr tuyg‘usini uyg‘otadi.

 

2024 yilgi Parij olimpiadasi va paraolipiadasida Sariosiyolik 4 nafar yoshlarimiz ishtirok etganligi va Bahodir Jalolov mutlaq og‘ir vaznda 2 karra olimpiada chempionligini qo‘lga kiritib, jahon rekordini yangilaganligi, Toshkentda “Bahodir Jalolov maktabi” ochilib, faoliyat ko‘rsatayotganligi nafat sariosiyoliklar, balki butun xalqimizga katta quvonch keltirdi. Paraolimpia ishtirokchilaridan ham yuksak natijalar kutib qolamiz.

 

Mustaqillikning 33 yilligi munosabati bilan davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar orasida 3 nafar sariosiyoliklar ham borligi, ya’ni Chosh mahallasi xotin-qizlar faoli Fazilova Svetlana Antonovna “Do‘stlik” ordeni bilan, “To’polang HPD Holding” MCHJ loyiha menejeri Xolov Azizjon Sayriddinovich hamda buldozer mashinisti Rasulov Nurmaxamat Ramazanovich “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganligi barchamizda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi.

  

Hurmatli do‘stlar!

 

Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat ta’biri bilan aytganda, “xotin-qizlar – bu millat onalaridir”. Ular millatning yangi nasli – farzandlarini tarbiyalash uchun o‘zlari ham yuksak bilimli bo‘lishlari zarur.

 

Shunday ekan, oldimizda turgan yana bir muhim vazifa – jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratishdir. Hurmatli xotin-qizlarimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini, kasb sohasi bo‘yicha o‘sishini ta’minlash borasida o‘tgan davrda ko‘p ishlarni amalga oshirdik. Shu bilan birga, bu yo‘nalishda qiladigan ishlarimiz ham oz emas.

 

Ma’lumki, muhtarama ayollarimiz zimmasida xizmat sohasidagi vazifasidan tashqari, farzandlar tarbiyasi, oilada sog‘lom muhitni mustahkamlash, axloqiy-ma’naviy an’analarni davom ettirishdek murakkab vazifalar ham bor. Shunday ekan, mehribon opa-singillarimizni har qancha qo‘llab-quvvatlasak, arziydi.

 

Aziz yurtdoshlar!

 

O‘zbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayotining ma’nosi deb bilmog‘i kerak!

 

Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!

 

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

 

Siz, azizlarni, kattayu kichik barcha vatandoshlarimni bugungi ulug‘ ayyom – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

 

Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman.

 

Barcha yutuq va g‘alabalarimizning ijodkori va bunyodkori bo‘lgan xalqimiz hamisha omon bo‘lsin! Go‘zal yurtimizda tinchlik va osoyishtalik bardavom bo‘lsin!

 

Jonajon Vatanimizga ko‘z tegmasin!

 

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?