Sariosiyo tumani hokimligi-Sariosiyo tumani hokimi Abduqodir Donayevning Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrigi
...
21.03.2024
106 marta o'qildi

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

 

Mana shu go‘zal va hayajonli damlarda siz, qadrdonlarimni, ko‘p millatli butun xalqimizni ulug‘ ayyom – Navro‘z bayrami bilan samimiy tabriklayman.

 

Bugun bepoyon Vatanimizning voha va vodiylari, shahar va qishloqlari, bog‘ va maydonlarida el-yurtimiz katta shodu xurramlik bilan bu yilgi Navro‘z umumxalq bayrami “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” bosh g‘oyasi asosida o‘tkazilmoqda.

 

Qalblarimiz quvonchga to‘lib turgan ushbu dilbar lahzalarda keksayu yosh jamiki yurtdoshlarimizni chin dildan qutlab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

 

Sharqona yangi yilimiz muborak bo‘lsin!

Navro‘zi olamning qadami qutlug‘ kelsin!

 

Qadrli do‘stlar!

Bugun jonajon yurtimizga go‘zallik va nafosat, yasharish va yangilanish, mehr va oqibat bayrami – Navro‘z kirib kelar ekan, dala va qirlarimiz, bog‘ va yaylovlarimiz ko‘klam yomg‘irlari – obirahmatdan bahramand bo‘lib, bo‘lg‘usi mo‘l hosil, qut va barakadan darak bermoqda.

 

Har bir inson o‘zining tabiat farzandi ekanini yanada chuqur anglayotgan mana shunday munavvar ayyomga el-yurtimiz bilan sog‘-omon yetganimiz uchun, avvalo, Yaratganimizga behad shukronalar aytamiz.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Biz bugun yurtimizda Yangi O‘zbekistonni – inson erkin, ozod va farovon yashaydigan jamiyat va davlatni barpo etish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqdamiz.

Inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini amalda ta’minlash, barcha shahar va tumanlar, olis va chekka hududlar aholisi uchun munosib sharoit yaratib berish, oddiy qilib aytganda, xalqimizni rozi qilish – mana, bizning bosh maqsadimiz.

 

Shu ezgu yo‘lda iqtisodiyotimiz va ijtimoiy sohalarni har tomonlama rivojlantirish, ilm-fan, ta’lim va tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sog‘lom turmush tarzi va sport, ona tabiatni asrash kabi yo‘nalishlarda boshlagan katta-katta dasturlarimizni jadal davom ettiramiz.

 

Hayotimizni yanada go‘zal va obod qilishda biz mo‘tabar otaxon va onaxonlarimizdan, ularning dono maslahatlari va duoi fotihalaridan kuch-quvvat olamiz.

 

Milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida mardona mehnat qilayotgan hurmatli aka-ukalarimiz, aziz opa-singillarimizga – butun xalqimizga ishonamiz va tayanamiz.

 

Shu qutlug‘ ayyomda sizlarning har biringizga Vatan ravnaqi yo‘lida qilayotgan munosib xizmatingiz uchun qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib, chin yurakdan tashakkur bildiraman.

 

Mana shu betakror lahzalarda ko‘klamning har bir kuni, har bir soatini g‘animat bilib, dalasiga yo‘l olayotgan mirishkor dehqon va fermerlarimizga eng ezgu tilaklarimizni bildiramiz.

 

Bugun katta orzu-umidlar bilan saflarimizga kirib kelayotgan navqiron o‘g‘il-qizlarimizni – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini barchamiz samimiy olqishlab, ularga baxt va omad tilaymiz.

 

Muhtaram vatandoshlar!

 

Mir Alisher Navoiy bobomizning olam ahliga, biz – avlodlarga qarata “Har kuning Navro‘z bo‘lsin!” deb aytgan tilaklarini hammamiz yaxshi bilamiz.

 

Shu ma’noda, keksalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish, yordam va ko‘makka muhtoj kishilarni qo‘llab-quvvatlash, bemorlarning dardiga darmon bo‘lish kabi xalqimizga xos savobli amallarni nafaqat Navro‘z ayyomida, balki har kuni, vijdon amri bilan ado etishimiz lozim.

 

Bugun biz barpo etayotgan ijtimoiy va xalqparvar davlatda mehr-shafqat, saxovat va himmat, o‘zaro hurmat va hamjihatlik hayotimiz qoidasiga aylanishi zarur.

 

Men barchangizni, avvalambor, rahbar va mutasaddilarni shu borada yanada faol va samarali harakat qilishga da’vat etaman.

 

Toki azaldan “odamiylik diyori” deb shuhrat qozongan Vatanimizda har bir inson xalqimiz va davlatimizning mehri va e’tiborini to‘la his qilib yashasin.

 

Qadrli do‘stlar!

 

Bu yilgi xosiyatli Navro‘z fasli yurtimizga qutlug‘ va fazilatli oy – muqaddas Ramazoni sharif oyida keldi.

 

Ushbu ilohiy oyda qiladigan xayrli amallarimiz qabul bo‘lib, ezgu va pok niyatlarimiz ijobat topishini tilayman.

 

Mustaqillik yillarida Navro‘zi olam diyorimizdagi barcha millat va elat vakillarini yagona va ahil oila etib birlashtiradigan do‘stlik va nafosat bayramiga aylanganini biz yuksak qadrlaymiz.

 

Bunday noyob va bebaho boyligimizni hamisha ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylaymiz.

 

Tinchlik va bag‘rikenglik elchisi bo‘lgan bu ayyom – 21 mart Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarori bilan Xalqaro Navro‘z kuni sifatida keng nishonlab kelinayotgani albatta barchamizni xursand qiladi.

 

Fursatdan foydalanib, bizga hurmat ko‘rsatib, bugungi sayil-shodiyonamizda ishtirok etayotgan Tojikiston Respublikasi Tursunzoda tumanidan kelgan vakillari ham chin dildan qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga samimiy salom va ezgu tilaklarimni yo‘llayman.

 

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Barchangizni, butun xalqimizni Navro‘z umumxalq bayrami bilan yana bir bor tabriklayman.

Fasli navbahor har bir oila, har bir mahallaga, elu yurtimizga tinchlik va farovonlik, baxtu saodat olib kelsin!

Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?