Sariosiyo tumani hokimligi-Sariosiyo tumani hokimi A.H.Donayevning O‘zbekiston mahalla tizimi xodimlari va faollariga bayrami tabrigi
...
22.03.2024
174 marta o'qildi

     Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar !

 

     Hurmatli mahalla tizimi xodimlari va faollari!

 

     Avvalo, Siz azizlarni, Sizlarning timsolingizda ko‘pmillatli tumanimiz aholisini mamlakatimizda keng nishonlanayotgan muhim sana – Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning hurmat-ehtiromimni va eng ezgu tilaklarimni bildiraman.

 

     Milliy o‘zligimiz timsoli bo‘lgan mahallalarimiz go‘zal va betakror Vatanimizda tinchlik va ahillik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik makoniga aylangani bilan albatta barchamiz faxrlanamiz.

 

     Davlatimiz Rahbari Sh.M.Mirziyoyev bevosita rahbarligida mahalla tizimi bo‘lgan bu idoraning nufuzini oshirish, uni chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.

 

     Bu ishlar avvalo bandlikni ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yoshlar, nuroniy otaxon va onaxonlarimizga manzilli yordam ko‘rsatish, fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, kambag‘allikni qisqartirish hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan uyg‘un holda olib borilayotganligi diqqatga sazovordir.

 

     Ayniqsa, barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda ijtimoiy himoya, profilaktika va soliq inspektoridan iborat ta’sirchan tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi ijobiy samara bermoqda.

 

     Buning tasdig‘ini mahallalarda tadbirkorlik rivojlanib, yangi ish o‘rinlari, doimiy daromad manbalari yaratilayotgani, barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhit mustahkamlanib, jinoyatchilik kamayib borayotgani misolida ko‘rish mumkin.

 

     Mahallalarni obod qilish, ularning infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlarimiz mamlakatimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib, xalqimiz turmush darajasi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

 

     Eng muhimi, yurtdoshlarimizning ijtimoiy faolligi, o‘z mahallasi, el-yurtimiz taqdiri va kelajagiga daxldorlik hissi ortib bormoqda. Bu borada “Tashabbusli budjet” dasturi joriy etilgani muhim rol o‘ynamoqda. Ushbu dastur doirasida ilgari surilayotgan takliflar asosida aholi hayotiga taalluqli ko‘pgina dolzarb masalalar o‘z vaqtida va samarali hal etilmoqda.

 

     Aziz yurtdoshlar !

 

     Bu yil tariximizda birinchi marta tajriba tariqasida har bir hududdagi bitta tumanda “mahalla budjeti” tizimi o‘rnatilib, mol-mulk va yer solig‘ining bir qismini mahallalarning o‘zida qoldirish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa mahallalarimiz hududidagi mavjud muammolarni bevosita ular tomonidan mustaqil hal etilishida muhim ahamiyatga ega.

 

     Bir so‘z bilan aytganda, mahallalarni fuqarolik jamiyatining tayanch ustuniga, chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

 

     Muhtaram do‘stlar!

 

     Yurtimizda Navro‘z nafasi kezib yurgan mana shunday shukuhli kunlarda shahar va qishloqlarimiz, ovul va mahallalarimizda umumxalq hasharlari, ulkan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida millionlab ko‘chatlar ekilmoqda, yangi bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda.

 

     Bugungi tinch, erkin va osuda hayotimizni qadrlash, mahallalarda, butun yurtimizda millatlararo do‘stlik va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yolg‘iz keksalar, ehtiyojmand oilalar, bemor va nogironligi bo‘lgan insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ezgu va savobli ishlar kuchaytirilmoqda.

 

     Fursatdan foydalanib, ana shunday olijanob ishlarga bosh-qosh bo‘lib kelayotgan jonkuyar mahalla oqsoqollari va faollariga, o‘zining fidokorona mehnati bilan el-yurtimiz ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shayotgan barcha yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.

 

     Biz mahallalarimizni yanada obod va farovon etishda bundan buyon ham sizlarning kuch-g‘ayratingiz, boy bilim va tajribangiz, bunyodkorlik salohiyatingizga tayanamiz. Chunki, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda biz uchun eng muhim va asosiy poydevor bu – xalq ovozi, xalq fikri ustuvor bo‘lgan mahalladir.

 

     Siz, azizlarni bugungi bayram bilan, yurtimizda davom etayotgan Navro‘z ayyomi hamda kirib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

 

     Barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga fayz-u baraka, serqirra va mas’uliyatli faoliyatingizda yutuq va omadlar tilayman.



1 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?