Sariosiyo tumani hokimligi-O‘ZBEKISTON VA TOJIKISTON ITTIFOQCHILIK MUNOSABATLARI YANGI BOSQICHDA
...
24.04.2024
134 marta o'qildi

     So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlari jadallik bilan rivojlanib strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bu ikki tomonlama aloqalar tarixida yangi sahifa ochilganligi, sheriklik munosabatlari esa sifat jihatidan yanada yuqori darajaga olib chiqilganligi va amaliy mazmun bilan boyitilganligidan dalolat beradi.

 

     O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi aloqalar juda uzoq tarixga borib taqaladi. Markaziy Osiyo hududida davlatchilik munosabatlari shakllana boshlabdi-ki, bu ikki xalq o‘rtasida madaniy, iqtisodiy va diplomatik aloqalar amalga oshirib kelingan. Bizning xalqlarimizni umumiy tarix, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar, o‘zaro hurmat hamda yaxshi qo‘shnichilikning ko‘p asrlik an’analari birlashtirib turadi. Bu yaqinlik O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar uchun mustahkam zamin, asosiy tamoyil bo‘lib xizmat qiladi.

 

     O‘zbek va tojik xalqlarining ko‘p qirrali aloqalari boy tajriba va tarixiy jarayonda shakllangan azaliy o‘zaro munosabatlarga tayanadi.

 

     Umumiy urf-odat, marosim, e’tiqod, turmush tarzi va hatto, milliy liboslar uslubi va yuz yillar davomida shakllangan xalq san’atining o‘ziga xos xususiyatlari xalqlarimizni tabiiy ravishda yaqinlashtirganligini ko‘rishimiz mumkin. Va bugun ham Toshkent va ham Dushanbening siyosiy irodasi bu yorqin tarixiy tajriba va boy umumiylikdan xalqlarimiz hamda davlatlarimiz munosabatlari hozirgi va kelgusidagi taraqqiyoti uchun foydalanishga yo‘naltirilgan.

 

     Toshkent va Dushanbe shaharlarida ikki mamlakat iqtisodiyot sohasi turli yutuqlari ko‘rgazmasi va xalqlarimiz birdamligining haqiqiy tantanasiga aylangan madaniyat kunlarining o‘tkazilishi ikki tomonlama munosabatlarimizni kelgusida rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha ezgu qadamlar sirasiga kiradi.

 

     Tojikiston O‘zbekistonni mintaqada olib borayotgan xavfsizlik va barqarorlik, qo‘shnichilik siyosatini, ya’ni pozitsiyasini qo‘llab quvvatlaydi va bu borada Tojikiston tomoni ham manfaatdorligini ta’kidlab keladi.

 

     Tashqi siyosiy munosabatlarning ushbu omillari Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning  18-aprel kuni Dushanbe shahriga davlat tashrifi chog‘ida o‘z tasdig‘ini topganligini alohida ta’kidlash mumkin.

 

     Ta’kidlash joizki, oliy darajadagi muzokaralarda yetakchilar O‘zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar, xalqaro va mintaqaviy darajadagi hamkorlik yuzasidan fikr almashadilar.

 

     O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

 

– Keyingi yillarda oliy darajadagi o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlash ruhidagi faol muloqot natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar misli ko‘rilmagan yuqori darajaga ko‘tarildi, - dedi Shavkat Mirziyoyev. Shu o‘rinda davlat rahbari munosabatlar darajasiga urg‘u berar ekan, “Yana bir bor ta’kidlayman, Tojikiston O‘zbekiston uchun eng yaqin, ishonchli, asrlar bilan sinalgan strategik sherikdir. Birodar o‘zbek va tojik xalqlari ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari bilan chambarchas bog‘langan. Bizni umumiy tarix, madaniy va ma’naviy qadriyatlar, an’ana va urf-odatlar birlashtirib turadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

     Uchrashuvlar jarayonida mamlakat yetakchilari tomonidan siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

 

     Yetakchilar Markaziy Osiyoning manfaatlarini ilgari surish va uning barqaror taraqqiyotini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida mintaqaviy tuzilmalar va xalqaro tashkilotlar doirasida konstruktiv hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga intilishlarini tasdiqladilar.

 

     Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi mazkur uchrashuvlarni eng yuqori bosqichi va O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarida sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tishi sifatida baholandi.

 

     – Bugun imzolanayotgan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomani amalga oshirish uchun barcha darajalarda – parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy idoralar, vazirlik va hududlar o‘rtasidagi muloqotlar samaradorligini oshirish lozim, - dedi davlatimiz rahbari.

 

     Bugungi kunda tovar ayirboshlash hajmi 40 barobar o‘sdi. Qo‘shma korxonalar soni 15 barobar ko‘paydi. Xususan, o‘tgan 2023 yilda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2022 yilga nisbatan 11, foizga o‘sib, 756,8 mln. dollarni tashkil etdi, jumladan eksport hajmi 15,9 foizga o‘sib, 605,0 mln. dollarni tashkil etdi.

 

     O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo Hukumatlararo erkin savdo bitimiga muvofiq, erkin savdo rejimida amalga oshirilmoqda.

 

     O‘zbekistonning Tojikistonga asosiy eksport tovarlari quyidagicha: sanoat tovarlari – 153,7 mln., kimyo mahsulotlari – 90,0 mln., yoqilg‘i, moylash materiallari va shunga o‘xshash mahsulotlar – 74,5 mln., oziq-ovqat mahsulotlari – 51,9 mln., mashina va uskunalar – 45,6 mln., tayyor buyumlar – 35,6 mln., nooziq-ovqat xomashyolar – 5,6 mln., xizmatlar – 111,8 mln.  AQSH dollari.

 

       Tojikiston O‘zbekistondan  quyidagi mahsulotlarni import qiladi: sanoat tovarlari – 56,5 mln., nooziq-ovqat xomashyolar – 47,6 mln., yoqilg‘i, moylash materiallar va shunga o‘xshash mahsulotlar – 19,7 mln., oziq-ovqat mahsulotlari – 4,7 mln.; kimyo mahsulotlari – 3,3 mln.; mashina va uskunalar – 3 mln., tayyor buyumlar – 1,3 mln., xizmatlar – 5,4 mln. AQSH dollari.

 

     Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomaning  imzolanishi mamlakatlarimiz zimmasiga alohida majburiyatlarni yuklaydi, deb hisoblaymiz. Xususan, hukumatlar oldiga tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish, shu jumladan, o‘zaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish, chegaraoldi savdo zonalarini tezkor ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

 

     Tashrif arafasida O‘zbekiston – Tojikiston biznes-forumi muvaffaqiyatli tashkil etilib, uning yakunida yangi kooperatsiya loyihalari va savdo shartnomalarining katta portfeli shakllantirilganligini alohida e’tirof etish mumkin. Mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, konchilik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlaridagi o‘zaro manfaatli loyihalar shular jumlasidandir.

 

     Shu o‘rinda biz tashrifning yana bir ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan “yashil” energetika sohasidagi olib borilgan muloqotlar bo‘ldi.

 

     Tashrif doirasida suvdan foydalanish masalalarida konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

 

     Ma’lumki Tojikiston juda katta gidroenergetika salohiyatiga ega mamlakat hisoblanadi. Mazkur energetika salohiyatidan oqilona foydalanish Markaziy Osiyo jumladan mamlakatimiz uchun ham juda katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Yuqoridagi omillardan kelib chiqib tashrif doirasida Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Zarafshon daryosi havzasida gidroelektr stansiyalarini qurish to‘g‘risida shartnoma imzolandi.

 

     Mazkur kelishuv asosida Tojikiston Respublikasi Zarafshon daryosi havzasida gidroelektr stansiyalarini qurish ikki bosqichda amalga oshiriladi.

 

     Birinchi bosqichda quvvati 100 MVt bo‘lgan yiliga 580 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan “Yovon” GES i qurish ishlari amalga oshiriladi. Ushbu loyihani dastlabki ishlari joriy yilning 2-3 mayda boshlanishi nazarda tutilmoqda.

 

     Bundan tashqari ikkinchi bosqichda quvvati 135 MVt, taxminiy yiliga o‘rtacha 600 million kVt/soat elektr energiya ishlab chiqarilgan Fandaryo gidroelektr stansiyasini qurish imkoniyatlari ham o‘rganilmoqda.

 

     Mazkur loyiha moliyalashtirish kreditlari va grantlari, tashkil yetilayotgan qo‘shma mablag‘lari va grantlar hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilmoqda.

 

     Ushbu loyihalar mamlakatlarimiz energetik xavfsizligi, suv va qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlash, minglab xonadonlar va yangi korxonalarini “yashil” energiya bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

 

     Umuman olganda ushbu ikkita katta loyiha Energetika mamalakatlar o‘rtasidagi eng katta dastlabki loyiha sifatida baholanmoqda.

 

     Dushanbeda do‘stona muhitda olib borilgan muzokaralarning konstruktiv ruhi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda katta miqyosdagi ikki taraflama hamkorlikni kengaytirish hamda chuqurlashtirish omili bo‘ldi.

 

     So‘nggi so‘z o‘rnida aytishimiz mumkinki ikki davlat rahbarlarini uchrashuvlari azaldan bir makonda istiqomat qilib kelgan halqlarni har tomonlama yaqinlashtiradi va o‘zaro diplomatik aloqalari va strategik ittifoqchilikni yangi bosqichiga olib chiqadi.

 

 

     Ozbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati azosi,
                           senator  A.SANGINOV



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?