Sariosiyo tuman hokimligi katta majlislari zalida tuman hokimi Abduqodir Donayev rahbarligida sektor rahbarlari, tumandagi mahalla yettiligi hamda aloqador tashkilot rahbarlari ishtirokida mahalla yettiligining faoliyati yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Mazkur yig‘ilishda “Mahalla yettiligi”ga mas’ul bo‘lgan idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi. Shu qatorda, mas’ullar mavjud muammolar, belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan ma’lumot berib o‘tishdi.
Unda, topshiriq va murojaatlar ijrosi, ijro intizomi tahlili, mahallalarda obodonlashtirish ishlarining borishi, yashil makon umummilliy loyihasi doirasida daraxt va buta ko‘chatlari ekish, mahalla platformasiga ombor daftarini kiritish, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida ishlarni tashkil qilish, soliq tushumlarini undirish borasida mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, yig‘ilish davomida tuman Ichki ishlar bo‘limi mas’ullari tomonidan hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarimiz firibgarlik, o‘g‘rilik va boshqa shu kabi jinoyatlar qurboniga aylanib qolayotganligi, sodir etilayotgan kiberjinoyat turlari, sodir etish maqsadlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan soxta havolalar va zararli ilovalar haqida so‘z yuritilib, ushbu jinoyat qurboniga aylanmaslik uchun amal qilinishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Yig‘ilishda mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilinib, shu bilan birgalikda kelgusida bajarilishi zarur bo‘lgan ishlar belgilab olindi.