2023-yil davomida 3,5 ming jinoyat aynan voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan. Mazkur jinoyat qatnashchilarining 2.280 nafarini esa maktab o‘quvchilari tashkil etadi.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, 50 ming nafar bola muntazam ravishda maktabga bormagan. Maktab o‘quvchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar esa, asosan kunduzgi soat 9 dan 15 lar oralig‘iga to‘g‘ri kelgan.
Yoshlar o‘rtasida bunday huquqbuzarliklarning oldini olish uchun o‘quvchi yoshlar diqqatini internetdan ajratib olish, ularni ta’limga sidqidildan yondashishga undash uchun esa katta kuch, jiddiy amaliy harakat zarur edi.
Bugun o‘sha harakat boshlandi. Yoshlar orasida profilaktik tadbirlarni amalga oshirish, xususan sababsiz darsga kelmayotgan o‘quvchilarni maktabga qaytarish maqsadida Milliy gvardiya maktablarga jalb etildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Milliy gvardiya inspektor-psixologlari tomonidan o‘quvchilarning davomati bilan birga, o‘qituvchilarning faoliyati ham nazorat qilinayotganligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Hozirda, ayrim ekspertlarning fikricha, darsga qatnashmaslik muammo, lekin jinoyat emas.
Albatta, ijtimoiy tarmoqlardagi bunday fikrlar jozibador, ommani o‘ziga qaratishi mumkin. Lekin, to‘g‘ri fikr emas!
Barchamiz bilishimiz zarurki, darsga qatnashmaslik bugun jinoyat emasdir lekin, bu ertangi ishsizlik, ertangi migratsiya, ertangi maishiy buzuqbozlik, ertangi ekstremizm umuman olganda ertangi jinoyatchilik uchun potensial omil hisoblanadi.
Xulosa o‘zingizdan!