Sher va qashqir
Bir badavlat odam farzandini oʻqitdi. Oʻgʻli yetarli bilim olib uyiga qaytgach, ota “Oʻgʻlim, endi tijorat bilan ham shugʻullanib koʻring”, dedi. Yigit karvonga qoʻshilib yoʻlga chiqdi. Choʻlda ketayotganlarida sherning qoʻtosga chang solib yiqitganini koʻrdi. Sher oʻljasining hammasini yeyolmadi. Qorni toʻygach, nari ketdi. Shunda payt poylab turgan qashqirlar va quzgʻunlar oʻljaning qoldigʻiga tashlandilar. Bu manzarani koʻrib, oʻgʻil oʻylandi:
– Odam ham sher kabi barcha boyligini yeb ado qilolmaydi. Otamning boyligi koʻp boʻlgani holda mening tijorat yoʻlida sarson yurishimdan nima foyda. Undan koʻra otamning boyligidan foydalanib, ilm bilan shugʻullanganim durust emasmi? Oʻgʻil shu qarorga kelib iziga qaytdi va maqsadini otasiga aytdi.
– Oʻgʻlim, durust fikr qilmabsiz, - dedi ota. – Men sizning qoldiqlarni yeyuvchi qashqir yoki oʻlaksaxoʻr emas, oʻljani qoʻlga kirituvchi sher boʻlishingizni istab edim. Toki, siz qoʻlga kiritgan oʻljadan boshqalar ham foyda koʻrsin. Bu ibrat oʻgʻilga maʼqul keldi. Otasiga boqimanda boʻlmay, oʻzi harakat qilib topdi, boshqalar ham undan manfaatlandi. Ilm bilan shugʻullanmoqqa ham fursat topdi. Oʻzi ham oʻqidi, boshqalarni ham oʻqitdikim, fazli-kamoli yuqori boʻldi.
Tohir Malik