Sariosiyo tumani hokimligi-Bugun buyuk sohibqiron, adolat va qudrat sohibi Amir Temur tavalludiga 688 yil to‘ldi
...
09.04.2024
81 marta o'qildi

Sohibqiron Amir Temur shunday hikoya qiladi:

 

“Qarshi qal’asini zabt etib, muzaffarlik tug‘i bilan qaytar edim. Kechda Ko‘kbuloqqa yetib, shu yerda tunamoqni ixtiyor etdik. Navkarlarni xonadonlarga taqsimlab, o‘zimiz soy bo‘yida yashil chodir tikdik.

 

Subhidam atrofga razm solmoqda edim. Ittifoqo, bir ayol kishining ot yetaklab, soy tomon ketayotganiga nazarimiz tushdi. Shunda bizni o‘y cho‘lg‘adi. Mulozim yo‘llab, u ojizaning erini topdirib keltirdik. Savol berdik:

 

— Nima uchun zavjangizni ot sug‘organi yo‘lladingiz? Ot sug‘orish erkak kishining xizmati-ku?!
— Sohibqiron, — javob berdi u kishi, — ot boqish ham, ot sug‘orish ham erkakning yumushi ekanini bilaman. Ammo uyimga qoplonsifat to‘rt navkaring tushibdi. Ularning niyatini bilmayman. Shu boisdan ayolimni ot sug‘orishga yo‘llab, uyda qolgan ikki bo‘ydor qizimni qo‘riqlashni istadim...

 

Biz mulohazaga berildik. Va o‘z xatoyimizni anglab, hamishalikka qaror berdik: bundan buyog‘iga navkarlar xonadonlarga joylashtirilmasin. Navkarlarim yalang o‘tloq va suvloq joylarda chodirlarda umrguzaronlik qilishsin.
Ko‘kbuloq qishlog‘iga quyosh chiqmasdanoq navkarlarni xonadonlardan chiqarib, chodirlarga joyladim...”.

 

***

Abdulla Oripovning “Sohibqiron” dramasidan

Men hamisha shukur aytdim Parvardigorga,
Qodir Alloh oydin qildi yo‘limni doim.
Zabt aylasam qay bir zamin, qay mamlakatni
Xudoyimning xohishiga tayandim mudom.
Hatto yiroq yulduzlarning fe’li qandoq deb,
Tinglaganman qur’achiyu munajjimlarni.
Turfa dinu e’tiqodga ibodat qilgan
Necha-necha qavmlarni hukmimga oldim.
Muhammadning yalovini ko‘tardim baland.

***
Jangu jadal orasida fursat topgan choq
Bitik qildim qoidayu amallarimni.
Men ularni ataganman Tuzukot deya.
Umidvorman, kelajakda bu tuzuklarim
Asqotgaydir saltanatu avlodlarimga.
Toju taxtni mendek uzoq saqlay desangiz,
Qilichingiz o‘ylab cheking, bo‘ling hamjihat.
Shunqorlarim, adolatni dastur qilingiz,
Eng avvalo, Vatan ila, Millatni asrang.

***



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?