Mamlakatimizda aholi sog‘lig‘ini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va davolash borasida katta islohotlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bugungi kunda tibbiyot muassasalarida aholining tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun barcha shart-sharoitlar yetarli.
Aholiga birlamchi tibbiy xizmatni yanada takomillashtirish va yaqinlashtirish maqsadida, bugun Sariosiyo tuman hokimligida tuman hokimi Abduqodir Donayev rahbarligida tuman Tibbiyot birlashmasi, Ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalar hamda Oilaviy shifokorlik mudirlari, tumanda faoliyat olib borayotgan barcha patronaj hamshiralar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, ortiqcha vazndan xalos bo‘lish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya etish, jismoniy faollikni oshirish, infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish, korrupsiya holatlariga qarshi tizimli kurashish, bemorlarga berilishi lozim bo‘lgan bepul dori-darmonlarni o‘z vaqtida yetkazish hamda aniqlangan boshqa kamchilik va muammolarni bartaraf etish, ichki tartib intizomni mustahkamlash yuzasidan qat’iy topshiriqlar belgilab berildi.
Yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasini tubdan takomillashtirish, tibbiyot muassasalarini eng ilg‘or tibbiy apparaturalar bilan ta’minlash, tuman markazidan uzoqda yashovchi aholiga sifatli tibbiy xizmatni tashkil etish va murakkab amaliyotlarni tuman darajasida bajarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar orqali bugun mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, odamlar hayotini yaxshilash bosh maqsad etib belgilanganini ko‘rishimiz mumkin.