Sariosiyo tumani hokimligi-8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Sariosiyo tumani hokimi A.H.Donayevning bayram tabrigi
...
08.03.2024
157 marta o'qildi

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan
Sariosiyo tumani hokimi A.H.Donayevning bayram tabrigi

 

Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar!

munis opa-singillar!

dilbar qizlar!

 

Avvalo, Siz azizlarni, Sizlarning timsolingizda butun tumanimiz xotin-qizlarini “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami munosabati bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

 

Biz bu qutlug‘ bayramni doimo orziqib, katta quvonch va hayajon bilan kutamiz. Chunki bu shukuhli ayyom yurtimizga yasharish va yangilanish faslini – fasli navbahorni boshlab keladi. Bu bayram dilimizdagi Siz azizlarga bo‘lgan samimiy hurmat va ehtiromimizni, mehru muhabbatimizni yana bir bor ifoda etishga imkon beradi.

 

Bugun har birimiz cheksiz minnatdorlik hissi bilan Yaratganning buyuk mo‘jizasi bo‘lgan ayol zotiga – mehribon onalarimiz, qadrli
opa-singillarimiz, lobar qizlarimiz sha’niga eng go‘zal so‘zlarni aytishimiz tabiiydir.

Biz Sizlarni eng avvalo fidoyilik timsoli deb bilamiz. Mehridaryo qalbingiz, aql-zakovatingiz, sevgi va sadoqatingiz uchun sizlardan bir umr qarzdormiz.

Yangi O‘zbekistonni barpo etishda, Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashda Sizlarga, Sizlarning buyuk murabbiylik fazilatlaringizga tayanamiz.

 

Qadrli opa-singillar!

Biz erkin va farovon, demokratik, dunyoga ochiq mamlakatni barpo etishda butun xalqimiz qatori xotin-qizlarimiz ham beqiyos hissa qo‘shayotganini albatta yuksak qadrlaymiz.

Shu borada faqat ayrim raqamlarni keltirib o‘tishga ruxsat bergaysiz.

 

Hozirgi vaqtda tumanimizda fidokorona mehnat qilayotgan hurmatli ayollarimizning ulushi tibbiyotda – 77 foizni, ta’lim sohasida – 74 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa
46 foizni tashkil etmoqda.

 

Agar 2017 yilda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi
27 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 40 foizdan – 47 foizga, tadbirkorlikda 21 foizdan – 37 foizga yetdi.

 

Respublikamizda bilimli, tashabbuskor va faol ayollarimizdan 2 ming nafarga yaqini davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda.

Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining
33 foizi, Senat a’zolari hamda mahalliy kengashlar deputatlarining 25 foizi xotin-qizlar ekanini ta’kidlash lozim.

Bunday jonkuyar opa-singillarimizni Yangi O‘zbekistonning oltin fondi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.

 

Hurmatli  opa-singillar!

Mamlakatimizda xotin-qizlarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularga daxldor ijtimoiy muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Shu maqsadda o‘tgan 2023 yilda tumanda 8000 nafardan ziyod xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. 2300 nafardan ko‘proq ayollarga 4,7 milliard so‘m kredit ajratildi. 553 ortiq opa-singillarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi.

 

Xabaringiz bor, biz xalqimiz, ayniqsa, opa-singillarimizni ko‘pdan buyon qiynab kelgan uy-joy muammosini yechish maqsadida katta dasturlarni amalga oshirmoqdamiz.

O‘tgan 2023 yilda 140 nafardan ortiq opa-singillarimizning uy-joy sharoiti yaxshilandi, qariyb 70 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga ijara to‘lovlari qoplab berildi.

 

Mana shunday ezgu ishlarimiz orqali qancha xonadonlarga quvonch va shodlik kirgani, qancha-qancha odamlarning hayot darajasi va sifati tubdan o‘zgargani, minglab ayollarimizning ruhi ko‘tarilib, ularning ertangi kunga ishonchi mustahkamlangani biz uchun eng muhim natijadir.

 

So‘nggi yillarda “Ayollar daftari” doirasida ham katta tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qisqa muddatda salkam 5300 nafar opa-singillarimizga amaliy yordam ko‘rsatilgani bu boradagi ishlarimiz ko‘lamidan dalolat beradi.

 

Xotin-qizlar salomatligini asrash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, milliy genofondni yaxshilash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Yurtimizda xotin-qizlarning sifatli ta’lim va tarbiya olishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mutafakkir jadid bobomiz Abdurauf Fitrat ta’biri bilan aytganda, “Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir”.

 

Aziz va qadrli onaxonlar, opa-singillar!

Sizlarga, tumanimiz ayollariga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Qutlug‘ bayramingiz muborak bo‘lsin!

 

Hurmat bilan,

Sariosiyo tumani hokimi                                    A.H.Donayev



0 izox
Izox qoldirish
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?