O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash davomida jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha yuksak natijalarga erishgan, zarur bilim-saviyaga ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida ishtirok etib, yuqori ball to‘plagan eng munosib yigitlarga harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha imtiyoz taqdim etadigan tavsiyanomalar beriladi.
Shu kunlarda, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan o‘g‘lonlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha ball beriladigan imtiyozli tavsiyanomani qo‘lga kiritish uchun test topshirishmoqda.
Sariosiyo tumanida joylashgan harbiy qismda bo‘lib o‘tgan test sinovida harbiy qismda o‘z burchini o‘tayotgan, Vatan himoyasidagi yigitlar o‘zlarining egallagan bilim va ko‘nikmalarini namoyon qildilar. O‘g‘lonlar jangovar tayyorgarlik, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, matematika, fizika va mantiqdan test topshirdilar.
Dastavval, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi xodimlari tomonidan askarlarga yo‘riqnoma o‘tkazishdi. Nazoratchilar guvohligida test topshiriqlari kitoblari muhri ochilib, tarqatildi.
Test sinovlarini bajarish va javoblarini belgilash uchun 3 soat vaqt ajratildi.
Test jarayonidan kimdir norozi bo‘lsa, javobi e’lon qilingandan keyin ikki kun ichida murojaat qilishi kerak. Agar o‘zlaridan xatolik o‘tib, belgilangan tartib-qoidalarni buzsa, testdan chetlashtiriladi, - deydi harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari mayor Bobur Abdunazarov.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga harbiy qismlar qo‘mondonligi tomonidan oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar, ular berilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida amal qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan fuqarolar respublikaning oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladilar.
Test sinovlari belgilangan rejaga asosan boshqa garnizonlarda ham bo‘lib o‘tadi.